Shahrixonda zamonaviy, ko‘p qavatli uy-joylar barpo etilmoqda
Andijon viloyati Shahrixon tumanida 350 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Ta’kidlash kerakki, Shahrixon mamlakatimizdagi aholisi ko‘p va zich joylashgan tumanlardan biri hisoblanadi.
Ana shundan kelib chiqib, aholining uy-joyga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida tumanda ko‘p qavatli uylar qurilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilda tumanning Yangi Vahim mahallasida barpo etilgan 8 ta ko‘p qavatli uy-joy o‘z egalariga topshirilgan bo‘lsa, Mustaqillik, Buvayda, Shahrixon mahallalarida 16 ta ana shunday uyning qurilishi davom etmoqda.

Joriy yilda Yangi Vahim mahalla fuqarolar yig‘ini «Yangi Vahim» massivida «Ark servis montaj» xususiy korxonasi tomonidan 3 ta, «Mukammal vodiy bunyodkori» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan esa 5 ta 5 qavatli, jami 160 xonadonli uy-joy qurilib, foydalanishga topshirildi.
Buvayda mahallasining Chinobod ko‘chasida “ISTIQLOL XOUSE” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan 3 ta 7 qavatli, 114 xonadonli uy-joy qurilishi yakuniga yetkazilmoqda.

Bundan tashqari, Shahrixon mahalla fuqarolar yig‘ini Toshkent ko‘chasida «Universal invest servis» mas’uliyati cheklangan jamiyat quruvchilari tomonidan 11 ta 5 qavatli, 220 xonadonli hamda Mustaqillik mahallasi Musa Jalil ko‘chasida «Toshsarfarg‘isht» xususiy korxonasi tomonidan 2 ta 5 qavatli, 40 xonadonli uy-joylar qurilmoqda.
Yangi uylar imkon qadar arzon, sifatli, eng asosiysi, zamonaviy, odamlarga manzur darajada, jumladan, yangi uylarning kanalizatsiya, isitish tizimlarining bekamu ko‘st bo‘lishiga, uylar oldiga avtoturargoh, bolalar maydonchalari, savdo do‘konlari barpo etilishiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA