Shahrixonda ekin ekilmagan bironta tomorqa qolmadi
Aholi bandligi va daromadini oshirishning asosiy manbai boʻlgan tomorqachilikka alohida eʼtibor qaratilayotgani bejiz emas.
Davlatimiz rahbari raisligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda joylardagi ishlar natijadorligiga erishish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, tomorqachilikni yana-da rivojlantirish boʻyicha muhim vazifalar belgilab berildi.
Aholi bandligi va daromadini oshirishning asosiy manbai boʻlgan tomorqachilikka alohida eʼtibor qaratilayotgani bejiz emas. Chunki dehqon xoʻjaliklari, tomorqa yer uchastkalaridan samarali foydalanish, shu orqali yurtdoshlarimizning real daromadini oshirish, xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirishda muhim omillardan biri hisoblanadi. Ana shundan kelib chiqib, mazkur yoʻnalishda Shahrixon tumanida ham eʼtiborga molik ishlar olib borilmoqda.
Shahrixon tumanidagi 76 mahallada 45 ming 930 ta xonadon boʻlib, ularga tegishli 2 ming 857 gektar tomorqa yer maydoni mavjud. Tumandagi tomorqalarning 396 gektariga oʻtgan yili avgust-sentyabr oyida sarimsoqpiyoz, qolgan maydonga bahorda toʻqsonbosdi ekinlar, shuningdek, pomidor, bulgʻor qalmpiri, karam, kalampir, baqlajon koʻchatlarini ekish ishlari toʻla yakuniga yetkazilgan. Tumandagi hech bir mahallada ekin ekilmagan birorta tomorqa qolgani yoʻq.
Umuman, tumandagi aksariyat xoʻjaliklar sohiblari tomorqadan unumli foydalanish hadisini olgan. Ayniqsa, Yuzlab, Qoʻrgʻoncha, Nayman, Segaza, Qumkoʻcha, Soʻzoq singari mahallalarda bu boradagi ishlar namunali yoʻlga qoʻyilgan.
– Ayni kunda tumanimizda oilaviy tadbirkorlikni tashkil etish, tomorqadan unumli foydalanish hisobiga katta daromad olayotgan oilalar talaygina, – deydi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash tuman boʻlimi rahbari Nigoraxon Yoʻldosheva. – Eng muhimi, tomorqalarda yetishtirilayotgan mahsulotlar, ayniqsa, bugungi pandemiya sharoitida xalqimiz dasturxonining moʻl-koʻlligini taʼminlamoqda.
Joriy yilning oʻzida aholi xonadonlarida 1-1,5 sotixli 350 ta issiqxona barpo etildi. Bundan tashqari, tuman hokimligi, mutasaddi tashkilotlar tomonidan 344 ta ehtiyojmand oila 4 ming tubdan ziyod mevali daraxt koʻchati, shuningdek, 41 ming tupdan ortiq pomidor, bulgʻor qalampiri, karam, bodiring, baqlajon koʻchatlari bilan taʼminlandi.
Tomorqa sohibining samarali mehnati, intilishi, izlanish bilan nafaqat uning oʻzi, balki jamiyat ham manfaat koʻradi.
Tumandagi Qoʻrgʻoncha mahallasidagi 870 xoʻjalik ixtiyorida 34,7 gektar tomorqa mavjud. Mahallada tomorqadan unumli foydalanish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, koʻchatlar yetishtirish borasida oʻziga xos tajriba maktabi yaratilgan. Dehqonchilik hadisini olgan xonadon sohiblari oʻz ehtiyojlaridan orttirib, bozorni sifatli va servitamin pomidor, bodring, karam, sarimsoqpiyoz, ziravor koʻkatlar bilan toʻldirishga munosib hissa qoʻshib keladi.
Nayman mahallasida esa, 646 xoʻjalikka tegishli 35,5 gektar tomorqa mavjud. Mahallada 8 xoʻjalikda issiqxona barpo etilgan. Issqxonalarda yetishtirilayotgan mahsulotlar ana shu oilalarga yaxshigina daromad keltirmoqda.
– Xonadonimizda 4 sotix maydonda issiqxona mavjud, – deydi ushbu mahallasida yashovchi Abdurashid Ashurov. – Issiqxonadan yiliga ikki-uch marta hosil olamiz. Erta bahorda pomidor yetishtirib, tuman markazidagi dehqon bozorida sotamiz. Dehqonchilik bilan shugʻullanib, kam boʻlmayapmiz, yilga 45-55 million soʻm daromad topamiz. Daromadimiz turmushimizga baraka keltirmoqda.
Bir soʻz bilan aytganda, bugun tumanda tomorqadan unumli foydalanish borasida yuqoridagi kabi keng koʻlamli ibratli ishlar olib borilmoqda. Ana shu saʼy-harakatlar samarasi oʻlaroq, bugun xalqimiz dasturxoni toʻkinligi taʼminlanmoqda, aholining turmush farovonligi yuksalmoqda.