“Shahekim, adolatdur oning ishi...”
DAVLAT DOYASI, MILLAT SARMOYASI
G‘iyosiddin Xondamir. “Makorim ul-axloq”. Toshkent, “Akademnashr”, 2017.
Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida hukmdorlar, mutafakkir shaxslar haqida o‘nlab badiiy asarlar, kinofilmlar yaratilgan va yaratilmoqda. Osiyodagi angishvonaday davlat har bir sarkardayu sarbozi haqida bittadan film ishlab, ular nomini o‘zbek tomoshabiniga-da yod oldirdi. Bizda esa, tarixiy shaxslar haqida asar yozishga qandaydir bir hadigu hayajon bilan qaraladi. Hatto, Alisher Navoiy hayoti va ijodiga ham sho‘rocha yondashuv batamom barham topgani yo‘q. Holbuki, Navoiy Movarounnahrning XIV asrdagi nafaqat adabiy muhiti, balki diniy-ma’rifiy, siyosiy-iqtisodiy manzarasini ham belgilab bergan qudratli shaxs edi.
Nafsga jihod – oliy saodat. “Qanoat tariqiga kir, ey ko‘ngul” deya qanoatni tariqat darajasiga ko‘targan Alisher Navoiy insoniy jihatlariga payvasta ijodi bilan chin muxlisga mudom hamroh. Haqrost, hazrat merosi bir hovuch mutaxassislar mulki emas. Bu betimsol she’riyat umummiliy meros ekan, undan xalqning barcha tabaqasi istifoda etmog‘i lozim. Ammo, shuncha asr o‘tsa ham nabiralarning to hanuz bobosini tanimay kelayotgani ne hol?!
bugungi avlod uchun Mahmud Muzahhib chizgan hassaga tayangan donishmand suvrati qanchalar qadrli bo‘lsa, Xondamirning “Makorim ul-axloq” risolasi ham shunchalar aziz. Biri Hazratning shamoili – suvratini gavdalantirsa, ikkinchisi u zotning siyratidan so‘ylaydi. Darvoqe, “Boburnoma”, “Badoye ul-vaqoye” kabi asarlar Navoiy shaxsiga kuchli qiziqish shoir tirikligidayoq ildiz otganidan dalolat beradi.
Xondamir ona tomondan bobosi, o‘z davrining yetuk muarrixi Mirxond kabi Alisher Navoiy homiyligida kamol topadi. Shoir o‘sha davrda eng boy ma’naviy xazina deya e’tirof etilgan shaxsiy kutubxonasi kalitini yosh olimga ishonib topshirgan. Xondamir bu imkoniyatdan unumli foydalanib, mashhur tarixchi bo‘lib yetishadi. Uning o‘n maqsad – bobdan iborat “Makorim ul-axloq” asarida saodatli amirning fazilatlari, olijanob xulqi, ajoyib siyrati, boshqalarda kam uchraydigan holat va kayfiyati, qiziq va g‘aroyib ishlaridan hikoya qilingan.
Husayn Boyqaro Hirotni egallab olgan Mirzo Yodgor Muhammadga qarshi hujum xususida Alisher Navoiyga maslahat soladi. Hazrat hukmdor do‘stiga “Bu gap menga ham aytilmaganida yaxshiroq bo‘lgan bo‘lur edi” deydi va buni shunday izohlaydi: “Bu gapni sir saqlash o‘ta zarur. Chunki har kuni bizning odamlarimizdan bir guruhi Yodgor Muhammad Mirzoning oldiga qochib o‘tmoqda. Bunday kishilar ushbu xabarni yetkazishdan ko‘ra qimmatliroq sovg‘a topolmaydilar. Shu sababli uning (Mirzo Yodgor Muhammadning) aql yog‘dusi ushbu yurish to‘g‘risidagi yashirin rejaga tushib qolsa, bundan keyin ehtiyotkorlik ila ish tutishi, hatto bu tomonga lashkar jo‘natib qolishi ham ehtimoldan uzoq emas”. Navoiy sultonni nafaqat hushyorlikka chorlaydi, balki chuqur o‘ylangan harbiy reja ham beradi. Pirovardida, hujum Husayn Boyqaro g‘alabasi bilan yakunlanadi. “Fard kishi davrda topmas navo” deb bilgan Navoiy olimu fozillar mavqeini oshirishga qo‘lidan kelganicha sa’y qiladi. Ahli tolibning xotirjam ilm olishi uchun shaxsiy mablag‘i hisobidan nafaqa – stipendiyalar tayinlaydi. “Xalosiya”, “Ixlosiya”, “Shifoiya”, “Nizomiya”, “Xusraviya” kabi xonaqo va madrasalar barpo etadi. Ularda dunyoning turli burchaklaridan kelgan talabalar tahsil olgan. Xondamirning ta’kidlashicha, “Ul zotning cheksiz yaxshiliklari bu borliq olamda shuhrat topish yoki abadiy olamda katta savobga erishish uchun qilingan emas edi. Chunki bu dunyo va undagi narsalar ul zotning himmat nazarida bir somon xasichalik qimmatga ega emas edi. Ammo cheksiz ochiqqo‘llik va saxiylik xislatiga ega bo‘lishiga qaramasdan, hech qachon hech kimga bir arpa donichalik ham minnat qilmas edi.”
Eron va Turonning turli go‘shalaridan g‘aribu musofir, qashshoq va muhtojlar ul hazratning xayr-saxovat dasturxonidan ulush olib, rizq-ro‘z topar edi. Dinu davlat va ummat qayg‘usi bilan yashagan Navoiy Sabzavordagi jami g‘allasini mamlakat ehtiyoji uchun zaxiraga topshirib yuboradi. E’tiborli bir xojazodaning hajga borib, nokas savdogardan qarzdorligi tufayli Halab shahrida ushlanib qolganini eshitib, uni qutqarish uchun ishonchli odamiga o‘n besh ming dinor kepakiy berib, Halabga jo‘natadi.
Yana bir misol: qasidanavis Mavlono Fasihiddin Sohibdoro (keyinchalik podshoh kutubxonasi dorug‘asi ham bo‘lgan) bilan shohmot o‘ynab o‘tirganida mudarris Amir Burhoniddin Atoulloh kirib keladi va shaharga uzoqdan qatnashga qiynalayotgani, “Ixlosiya” madrasasi yaqinidan bir hovli topgani, ammo sohibamallardan biri o‘sha hovliga xaridor ekanini aytib, amaldorga “bu niyatingdan qayt” degan mazmunda maktub yozib berishni iltimos qiladi. Navoiy, go‘yo beparvo, shohmot surishda davom etadi. Nihoyat, o‘yinni yakunlab bunday deydi:“Faqirlardan biri maydonining kengligi va xonalarining ko‘pligi, havosining musaffoligi va suvining shirinligi bilan ajralib turadigan, buning ustiga, madrasaga yaqin bo‘lgan bir hovlini sizga tortiq qilgani yaxshimi yoki o‘sha hovlini olib bergani ma’qulmi?”
Xullas, shoir aruz ilmi hamda turli she’riy san’atlarni puxta egallagan Atoulloh Nishopuriyga ko‘z ostiga olgan uydan bir necha baravar ortiq hovlini hadya etadi. Shuningdek, bog‘u xiyobonlarni sayyidlar, olimlar va fozillarga; serunum ekinzor va qulay korizlarni Husayn Boyqaro va uning farzandlariga tortiq qiladi. Tarjimon Komiljon Rahimovning ma’lumotiga ko‘ra, Afg‘onistondagi Obi safed daryosi ustiga shoir qurdirgan ko‘prik hozirgacha xizmat qilmoqda ekan.
Adolat – davlat doyasi, millat sarmoyasi; adolat barqarorligi Haqni anglash natijasidir – shu haqiqatni chuqur idrok etgan Navoiy xalqqa qayishmaydigan, johil va zolim amaldorlarga nisbatan murosasiz bo‘lgan.
Virtual makonda ulg‘ayayotgan yoshlarga tosh haykallardan ko‘ra targ‘ibotning zamonaviy usullari kuchliroq ta’sir etadi. “Makorim ul axloq”dagi hayotiy hikoyalarni zamonaviy mediatexnologiyalar yordamida jamoatga singdirish kerak.
Rahmatli Anvar qori Tursun to‘y-ma’rakalarda nuqul po‘pisa qiluvchi ma’vizachilardan farqli o‘laroq, Navoiyning oyat va hadis ma’nolari singdirilgan g‘azallarini sharhlab berardi. O‘shanda ba’zi og‘ziga kuchi yetmaganlar istehzo bilan “Navoiy mullavachcha emas...” degan gapni tarqatgan edi. Vaholanki, Anvar qori o‘sha suhbatlarda biz oshxo‘r xalqni ham islom haqiqatlariga, ham ulug‘ bobokalonimiz adabiy merosiga oshno qilgan ekan.
Yana bir gap. Tadbirkorlik yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlarida nuqul ajnabiy sarvatdorlar emas, o‘nlab masjidu ko‘prik, rabotu shifoxona qurib elga madadkor bo‘lgan ulug‘ bobomizning ibratli hayoti haqidagi ma’ruzalar o‘qilishi shart. “Nafs ila dunyoga dil bergan fosiqlar”ga esa hazratning, ulkan ganjina egasi bo‘lishiga qaramay, bor boyligini beva-bechoralar, ahli ilm va muhtojlarga sadaqa qilgani, u zotning ehson eshigi tunu kun ochiq bo‘lganini doimo eslatib turish kerak. Toki bunday badbin kaslar ongidagi “millat shoirlari qo‘li kalta, muhtoj va ojiz bo‘lgan”, degan tushuncha barham topsin.
“Makorim ul-axloq”ni mutolaa qilgan adabiyot muxlisi ich-ichidan shunday niyat qilishiga aminmiz: “Qani edi, Xondamir tasvirlagan Navoiy siymosi bir butun obraz bo‘lib badiiyatga ko‘chsa! Shu bahona, Oybek boshlagan an’ana yangi bir pog‘onaga chiqarmidi?! Hazrat sari bir qadam tashlagan bo‘larmidik?!”
“MEN XUDONI IZLADIM...”
T.L.Suxotina-Tolstaya. “Vospominaniya”. Moskva, “Xudojestvennaya literatura”, 1980.
Tatyana Lvovnaning otasi – jahoniy adib Lev Tolstoy haqidagi xotiralarini havas va hayrat ila o‘qiyturib, nega bizning adiblarimiz pushti kamaridan bino bo‘lgan farzandlar shunday yodnomalar yaratmaydi, deya mutaassir bo‘lasiz. Shunda daf’atan xayolingizga Habibulla Qodiriyning “Otam haqida”si keladiyu, bir oz xotirjam tortasiz. Lekin u bitta-da!
O‘n to‘rt yasharligidan kundalik qoralay boshlagan Tatyana bu xayrli ishni qirq yil kanda qilmaydi. Otasi, hayot va ijod haqidagi fikr-qarashlari ham yildan-yilga o‘sib boradi. “Xotiranoma”ni o‘qir ekansiz, yerga mehr qo‘ygan, quvnoq, nafaqat o‘ziga, o‘zgalarga ham nihoyatda talabchan bo‘lgan shaxs siymosi ko‘z oldingizda gavdalanadi.
Tolstoyning tug‘ilib o‘sgan makoni Yasnaya Polyanadagi hayoti juda oddiy bo‘lib, tinimsiz adabiy mehnatdan toliqqan chog‘lari bog‘ va o‘rmonzorlar yaratish bilan shug‘ullanar, asalari, ot va boshqa turli xonaki hayvonlar boqishni xush qo‘radi. O‘g‘il-qizlarini yoniga olib, tong sahardan –yelkada chalg‘i – pichan o‘rimiga chiqqan graf – adib ertadan kechgacha dehqonlar bilan birga gangir gungur suhbatlashar, mujiklar bilan tengma-teng ishlayotganidan o‘zgacha zavq tuyadi.
1870-1871 yilning qishida Tolstoy yunon tilini o‘rganishga mukkasidan ketadi. Dekabrda shoir do‘sti Afanasiy Fetga “Bir satr ham yozayotganim yo‘q, faqat o‘qiyotirman” deya maktub yo‘llaydi. Tinimsiz til o‘rganish, ertayu kech bir xil mashg‘ulot – so‘z yodlash yozuvchini holdan toydiradi. 1871 yil iyunida u shoirga yana xat yozib, “Sog‘liqdan putur ketdi. Qanday dard ekanini bilmayman. Quvvatim yo‘q. Hech narsa yoqmayapti, tinchlik bo‘lsa bas” deydi. Afanasiy Afanasevich Ivan Turgenevni adibning holidan beto‘xtov xabardor qilib turadi. Adabiy hammaslaklari ayni yetilgan yozuvchining salomatligidan xavotirga tushadilar. I.Turgenev 1871 yili yozda Afanasiy Fetga bunday yozadi: “Men uning sog‘lig‘idan chuqur xavotirdaman... Lev Tolstoy – yetim bo‘lib qolgan adabiyotimizning yagona umidi. U salaflari Pushkin, Lermontov va Gogol kabi bu dunyodan barvaqt o‘tib ketishi mumkin emas”.
O‘sha davrning Zaxarin degan mashhur shifokori Tolstoyga bir necha haftaga Samara dashtlariga chiqib, qimiz ichib dam olishni maslahat beradi. Adib salkam ikki oy boshqirdlarning Qoraliq qishlog‘ida yashab, qimizxo‘rlik qiladi. Dasht havosi, musulmoncha turmush tarzi, eng muhimi, biya suti – meshda pishgan qimiz grafga quvvat bag‘ishlaydi. Tolstoy keyinchalik Qoraliqqa oilasini ham olib boradi va xotini, bolalariga boshqird musulmonlarining hayotini ko‘rsatadi. Mahalliy mullaning mehmonlar sharafiga qo‘y so‘ygani, ayniqsa, hilvirab pishgan et Tatyanaga juda manzur bo‘ladi. Baxshilar bo‘g‘zidan chiqqan nolalar adib va uning yaqinlarini maftun qiladi. Tatyana bu sirli-sehrli oqshomlarni qandaydir bir sog‘inch va hayrat bilan kundalikka muhrlagan.
Samaradan sog‘ayib qaytgan Tolstoy to‘rt qismdan iborat “Alifbe” va “O‘qish kitobi”ni yozib, uylanmasdan oldingi sevimli mashg‘uloti – mudarrislikni boshlab yuboradi. Azaldan bolajon Tolstoy bo‘ydoq paytida o‘qituvchilar yollab, maktab uchun ikki qavatli bino qurgan, muallimlarga mo‘ljallangan “Yasnaya Polyana” nomli jurnal ham nashr etgan edi. Shu tajriba qo‘l kelib, bolalari ko‘magida qishloq dehqonlarining o‘ttizdan ziyod farzandini savodli qilishga bel bog‘laydi. 1872 yil fevralida shoir Fetga quyidagicha xat bitadi: “Biz qish boshlangandan buyon yangi binodan foydalanyapmiz. Yana bir yangilik. Tag‘in maktab tashkil etdim. Xotinim, bolalarim – hammamiz o‘qituvchi va bundan xursandmiz”.
XIX asrning 70-yillari oxiriga kelib Tolstoy ruhiyatida ilgari sira kuzatilmagan keskin o‘zgarishlar sodir bo‘ladi. Katta yer egasining xayolini “Hayotning ma’nosi nimada? Parvardigor buyurganidek yashayapmanmi? Qilayotgan ishim oilam va o‘zgalar baxt-saodati uchun yaraydimi?” degan shubha-gumonlar band etadi. A’molini taftish qilgan, umr sarhisobidan ko‘ngli to‘lmagan Tolstoyning ma’naviy-ruhiy azob-iztiroblari, xulosalari “Iqrornoma”, “E’tiqodim ma’nosi nimada?”, “Telbaning yozganlari” asarlarida to‘liq aks etgan.
“Xotiranoma” XIX asr ikkinchi yarmi va XX boshidagi Rusiyaning ijtimoiy-siyosiy, ma’rifiy hayotiga o‘ziga xos bir dalil hamdir. 1882 yilda “Russkaya mыsl” jurnalida Tolstoyning mashhur “Iqrornoma” asari e’lon qilinadi. Adibning nasroniylik haqidagi, Yaratganni anglash borasidagi “shakkok” qarashlari va favqulodda iqrori senzurani cho‘chitib yuboradi va asarni yo‘q qilish haqidagi qaror “Golos” gazetasining o‘sha yilgi iyun sonida bosiladi. Bundan xabar topgan Ivan Turgenev Tolstoyga maktub yuboradi va “Iqrornoma”ni o‘qishga rosa ishtiyoqmand ekanini bildirib, qo‘lyozmani Parijga yuborishini iltimos qiladi. Adib qo‘lyozmani yaqin bir tanishi orqali Turgenevga yetkazadi.
1886 yil bahori Rusiya uchun juda og‘ir keladi va bu qiyinchilik bir necha yilga cho‘ziladi. Mushtumzo‘r to‘ralar tomonidan tinimsiz talangan xalq qashshoqlikda kun kechirar, non anqoning urug‘i, hatto ekishga don yo‘q... Grafdan yordam so‘rab keluvchilarning keti uzilmaydi. Tolstoy asarlari uchun oladigan qalam haqini gubernyalardagi muhtojlarga tarqatishga qaror qiladi. O‘shanda vaziyatning nechog‘li og‘ir bo‘lganini Tolstoy va T.Fisher-Unuin o‘rtasidagi yozishmadan ham bilish mumkin. Ingliz noshiri og‘ir ahvolga tushib qolgan rus xalqi uchun butun Angliya xayr-ehson yiqqanini ma’lum qiladi.
Tolstoy, Turgenev kabi ziyolilar nazdida hayotni yaxshilash yo‘lidagi eng katta to‘siq – krepostnoylik tuzumi edi; u garchi Aleksandr II farmoni bilan rasman bekor qilgan esa-da, million-million dehqon hayoti shu bilangina o‘nglanmaydi. Haq-huquqsiz, ezilgan, hayoti izdan chiqqan mujikning arz-dodini eshitadigan mard topilmas edi. Tolstoy mamlakatning ko‘zbo‘yamachilik va munofiqona boshqaruv natijasida inqiroz yoqasiga kelib qolganidan bong uradi. “Jim turolmayman!” asari ana shu dard-iztirobning hosilasi sifatida dunyoga kelgan. Adib zulmning yumshashiga umid qilib, imperatorga xatlar bitadi, ammo aksi bo‘lib chiqadi. Poyloqchilik, xufiyalarning har bir xutor va ovullarda izg‘ib yurishi uning bir armoniga o‘n armon qo‘shadi. Dahshatli ocharchilik sifatida tarixda qolgan 1892 yil bahorida Tolstoy ikki katta qizini yoniga olib, Ryazan guberniyasidagi Begichevka qishlog‘ida ochlikdan sillasi qurigan dehqonlar uchun yemakxonalar ochadi.
Og‘ir iqtisodiy hayot 90-yillarga kelib “o‘zgacha fikrlovchilar” – tolstoychilarni ta’qib qilish bilan davom etadi. Yozuvchiga hamfikr bir qancha odam chor ma’murlari tomonidan hibs etilgach, u adliya va ichki ishlar vaziriga xat yozib, hukumat qo‘llayotgan choralar “sog‘lom aqlga zid, befoyda, shafqatsiz, eng achinarlisi, adolatsizdir” deya ta’kidlaydi. Tolstoy so‘ng nafasigacha yovuzlikka qarshi kurashishini uqtirar ekan, “hukumat yomon deb hisoblayotgan ishni men Xudo oldidagi muqaddas burchim deb bilaman”, deydi. Lekin hukumat yangi asr boshida ham adib tarafdorlariga kun bermaydi, “xavfli” shaxslarni mamlakatdan chiqarib yuborishni to‘xtatmaydi.
1903 yilning dekabrida AQSH prezidentligiga demokratlardan nomzod Uilyam Brayan Yasnaya Polyanaga tashrif buyuradi. Xorijlik siyosatchining adib xonadonida bo‘lishi shundog‘am quyuqlashib borayotgan qora bulutlarni kuchaytirib yuboradi. Uilyam Brayan Amerikada rusning ulug‘ adibi haqida “Ezgulik targ‘ibotchisi” nomli maqola e’lon qiladi. Ko‘p o‘tmay, Rusiya – Yaponiya urushi boshlanib ketadi. Tolstoy Tulaga yo‘l oladi. Urush kunlari bitgan “O‘ylab ko‘ring!” maqolasi Angliyada rus tilida chop etiladi. Maqolani bir vaqtning o‘zida ingliz, farang, olmon matbuoti ham ko‘chirib bosadi. O‘sha kezlari ichida yetti yuzga yaqin harbiy bo‘lgan ruslarning yirik “Petropavlovsk” kemasi portlab ketadi. Halokatga uchragan kemada Turkistonni qonga botirgan jallod, rassom Vasiliy Vereshchagin ham bor edi.
Goho o‘ylab qolaman: zulmkor siyosatga, shaytoniy nafsga ayovsiz bo‘lgan Tolstoy hayotining so‘nggi choragini islomiy aqidalarga muvofiq kechirganmikan? U to‘ng‘ich qizi Tatyanaga “Tasavvur qil, hayotingdagi so‘nggi kunni yashayapsan” degan gapni ko‘p uqtiradi. Nazarimda, ulug‘ adib o‘zi amal qilgan “Bu dunyoda o‘zingni bamisoli musofir yoki o‘tib boruvchi yo‘lovchi kabi his et!” degan muborak o‘gitni boshqalarga ham singdirishga uringan...
“ISHONCH KO‘PRIKLARI BUZILSA...”
Nikkolo Makiavelli. “Gosudar”. Moskva, “Planeta”, 1990.
“Hukmdor”, Toshkent, “Davr press”, 2018 yil.
Bu asarga bo‘lgan qiziqish talabaligimda paydo bo‘lgan edi. Aspiranturada o‘qiyotganimda Abu Nasr Forobiyning “Fozil odamlar shahri” bilan o‘zaro muqoyasa qilib yozgan “Sharq va G‘arb aqlidagi orzu” nomli maqolam 1997 yilda “Yoshlik” jurnalida chop etilgan, unda “asar tarjimasi yo‘lga qo‘yilsa, keng o‘quvchilar ommasiga tortiq etilsa foydadan xoli bo‘lmas edi” deya orzu qilgandim. Nihoyat, bundan ikki yil burun “Hukmdor” Abu Muslim tarjimasida o‘zbek tilida bosilib chiqdi.
Davlatchilik paydo bo‘lgandan beri Sharq va G‘arb allomalari insonni o‘rganish, u bilan muomala qilish, fuqaro sifatidagi talab-ehtiyojlarini qondirish xususida yuzlab asarlar bitgan. Salkam besh yuz yildan buyon siyosatdonlar qo‘lidan tushmay kelayotgan “Hukmdor”ning ohanrabosi nimada? Nazarimda, Makiavelli nihoyatda kuchli ruhshunos bo‘lgan. Insonning fe’l-atvorini, uning nozik ruhiy jihatlarini shu qadar puxta bilgan, bu bilim va kuzatishlarini davlat, siyosat, harb va bosqinchlik yo‘lida beminnat xarj qilgan. Uning bosqinchiligu tajovuzkorlikni yoqlagani; yolg‘onchilik, munofiqlik va shafqatsizlikni sha’n-shavkat, g‘alaba garovi deb bilgani; ne yo‘l bilan bo‘lsa ham davlatni qo‘lga kiritish, hokimiyatni egallash lozimligini qayta-qayta uqtirgani; qirg‘inbarotu qotilliklarga “fatvo” bergani mustabidlarga moyday yoqqan. Ko‘hna qit’adagi kolonizatorlar mana shu jihatlariga ko‘ra ham “Hukmdor”ni bag‘riga bosib, undagi vayronkor g‘oyalardan behad ilhomlangan. “Koloniyalar katta sarf-xarajat talab qilmaydi, ularni tashkil qilish va ta’minlab turish podshohga deyarli suv tekinga tushadi, ular yerlari va uy-joylari yangi ko‘chib kelganlar uchun tortib olinadigan fuqarolarnigina xonavayron qiladi” degan g‘oya nechog‘li quloch yoygani Turkiston tarixidan ma’lum. Qolaversa, bir din, mazhab va tilga mansub xalqni uzoq yillar boshqargan mustabidlar ham “Hukmdor” sabog‘ini olmaganida el ko‘ziga jonsarak, subutli, samimiy, olijanob bo‘lib ko‘rinmagan, izzat nafsi yo‘lida sharru gunohlardan hazar qilgan bo‘lardi.
Makiavelli o‘tmish voqealari, dinlar va payg‘ambarlar tarixini goho yovuz maqsadlar yo‘lida talqin etadi. “Xalqda ishonch yo‘qolsa, uni ishonishga kuch bilan majbur qilishga tayyor turish kerak” degan mafkurachi hech ikkilanmasdan “Hukmdor raiyatni o‘ziga bo‘ysundirib turmoqchi bo‘lsa, berahmlikda ayblashlariga parvo qilmasligi kerak” deya xulosa chiqaradi.
Kaykovusning “Qobusnoma”si va “Hukmdor” ba’zi o‘rinlarda bir-birga juda yaqin keladi. Davlatning barqarorligiyu taraqqiyoti til, urf-odat va tartib-qoidalar bilan chambarchas bog‘liq ekanini teran anglagan Makiavelli tor-mor qilingan, talangan, kuli ko‘kka sovurilgan, xonavayron Italiya istiqbolidan qayg‘urib, Medichiga “Yo‘l xaritasi” taqdim etadi. Tarixiy lahzalar, hafta va oylarni o‘tkazib, keyin pushaymon botqog‘ida qolgan xalq borki, albatta, siyosatdonning oh-zoriga befarq qaray olmaydi. Harbiy va siyosiy jihatdan yetarlicha himoyalanmagan davlat, xalq va jamiyatning o‘ngga yoki so‘lga burilishi pallasi butun bir avlodning taqdiriga aks ta’sir etishini tarix ko‘p ko‘rgan. Xalqqa dushmanlik kayfiyati bilan qaragan, qo‘shin saqlashga uquvsiz, tinchlik paytida bo‘ron haqida o‘ylamaydigan hukmdorlar, pirovardida, saltanatidan ayrilgan. Mamlakat sohibini oyoqdan qoldiradigan shirin og‘u – xushomadgo‘ylikdir. Rahbar xudbin va izzattalab bo‘lsa, urdi Xudo. Xushomadgo‘yning dini ham, millati yo‘q. “Xushomaddan xalos bo‘lishning yagona yo‘l shuki, odamlarga “Agar men haqimda bor haqiqatni yuzimga aytsangiz, sizlardan xafa bo‘lmayman” deyishidir, biroq istagan odam bor haqiqatni yuzingga ayta olsa, endi ular sendan avvalgidek hayiqmay qo‘yishadi” deb uqtiradi Makiavelli.
Hukmdorlar ochko‘zlik, fuqarolarning mol-mulki va ayollariga tajovuz qilgani tufayli ham xalqning nafratiga uchraydi. Turkiston tarixida o‘tgan aksariyat xon, hoqon, amirlarning badnom bo‘lgani – shu xil adolatsizliklarga yo‘l qo‘yganlari tufayli emasmidi? Holbuki, Islom dini saltanat tojini kiygan banda zimmasiga nihoyatda ulug‘ vazifalar yuklagan. “Podshoh – Allohning yerdagi soyasi” degan aqidada sobit jamoat uchun Makiavellining quyidagi mulohazalari o‘rinli tuyulsa kerak.
“Odamlarning tabiati shundayki, ular o‘ziga yaxshilik qilgan odamga qanday bog‘lanib qolsa, o‘zi yaxshilik qilgan odamga ham shunday bog‘lanib qoladi”.
“Hukmdor hamma narsadan ko‘ra fuqarolarning nafrati va jirkanishidan qo‘rqishi kerak”.
“Yangi hukmdor duch kelgan gapga ishonaverishi, gumonsirayverishi, salga jazolayverishi kerak emas, u har bir ishda o‘zini vazmin tutishi, ehtiyotkor va muruvvatli bo‘lishi lozim, toki ortiqcha ishonuvchanlik g‘aflatga olib bormasin, ortiqcha gumonsirash esa fuqarolarning g‘azabini keltirmasin”.
“Odamzod shunday: yomonlik kutilayotgan tomondan yaxshilik kelib qolsa, yaxshilik qilganga jon-dili bilan bog‘lanib qoladi”.
“Hukmdor beqaror, yengiltak, injiq, qo‘rqoq va sustkash bo‘lsa, fuqaro undan jirkanadi. Bu kabi illatlardan olovdan qo‘rqqanday qo‘rqish va, aksincha, har bir ishda olijanoblik, jasorat, qat’iyat va sabot namoyon etish kerak”.
“Hukmdorning donoligi o‘z atrofiga qanday odamlarni to‘plab olganiga ko‘ra baholanadi”.
NOSOZ A’MOL – ABGOR TURMUSH
Abdurauf Fitrat, “Tanlangan asarlar”. Toshkent, “Ma’naviyat”, 2010.
Davlatlar va xalqlar inqirozining asl sabablari haqida gap ochilganda, uzoqqa uloqib ketishimizga hojat yo‘q. Haqligini Xudodan boshqaga aytolmagan fuqaroning zulmni kuchaytirgan, adolatni oyoqosti qilgan hukumatga ishonchi qolmaydi. Yovuz hokim nafaqat dinning, davlatning ham ofatidir. Payg‘ambarimizning(s.a.v) “Qachonki ishlar o‘z ahlidan boshqa kishilar qo‘liga o‘tkazilsa, qiyomatni kutavering” degan gapi tanazzulga yuz tutgan xalqlarga qo‘yilgan eng to‘g‘ri tashxisdir.
Turkiston taraqqiysini istagan Fitrat mamlakat va din nomini bir zamonlar jahon sahnasiga olib chiqqan “forobiylar, buxoriylar, abu ali ibn sinolar, ulug‘beklar qani?” deya o‘ziga savol beradi. bugungi avlod ham hali-hanuz ana shunday savollarga javob izlamoqda. Islom bor-u, musulmonlik zaiflashgan yurt ahvolidan faryod qilgan alloma “Millatining e’tibor va sharafi bo‘lmagan kishining – u qanchalik sharifu boy bo‘lsa ham – e’tibori bo‘lmaydi”, deydi. Ha, millatning intellekutal salohiyatini oshirish, ziyolilar armiyasini shakllantirish biz uchun hozir ham hayot-mamot masalasidir. Olloh bandalarining savob va azobini aql sababli berishini iroda qilgan; aqli peshlash orqali ibodatlarimizni-da go‘zal qilgan bo‘lamiz. Olamning nizomi va intizomi aqldir, degan da’vatga kim munkir keladi?
Dunyoga chiqqan xalq yuz yil burungi tashvish va muammolari kun tartibidan tushganmi-yo‘qmi – aniqlab olgani durust. Negaki, kiyim-bosh bilan mutaraqqiy xalqlar orasida begona emasdirmiz, ammo nufuzimiz, haybat va mavqemiz-chi? Besh-o‘n yildan so‘ng nufusi qirq millionga yetadigan xalqning zamonaviy taraqqiyotdagi o‘rni qanday? Bizning ovozimiz yoki so‘zimiz mintaqayu jahon siyosatiga, tijoratu iqtisodiga ta’sir o‘tkaza oladimi? Peshonamizga to ro‘zi mahshar kimlargadir qaboqbardor bo‘lib o‘tish bitilmagandir?!
Darvoqe, bugun feysbukda sizni mot qilishga tushib ketadigan dahriy yoshlar demokratiya tantana qilayotganini anglatmaydi. Bu, nazarimda, dovul oldidan esadigan sovuq shamol, xolos. Xo‘jako‘rsin amallar, hayotning asl ma’no-mohiyatidan yiroq turmush nafaqat oddiy odamni sondan chiqaradi, balki ummat nomiga ham dog‘ tushiradi. Bir tasavvur qilaylik: xotinning erga, otaning farzandga, do‘stlarning bir-biriga, shogirdning ustozga, xaridorning sotuvchiga, fuqaroning hokimga ishonchi yo‘qolsa nima bo‘ladi? Tuyg‘ulari toptalgan oshiq, pand-nasihati havoga uchgan padar, ajdodlar vasiyatini inkor etgan avlodning domongirligi nimada? Mehr-muhabbatmi? E’tibordir balki? Boy berilgan orzu-umid, yo‘qotilgan ishonch, xo‘rlangan or-nomusni tiklashdir ehtimol?!
Fitrat ko‘z ochgan davrdan buyon ne-ne hokimu mutlaq zotlar o‘tdiki, nomini eshitgan odam bir qalqib tushadi. Lekin ularning aksariyati bu dunyo saodatiga ham erisholmay mayda manfaatlar qurboni bo‘lib ketdi. Qon tomirlarimizda yugurayotgan la’nati iblis doim qutquga, isyonga boshlaydi. bugungi vaziyat shundayki, har bir kun, har bir hafta va oy kelajagimiz uchun muhim. Biz, nafsilamrini aytganda, davlat va xalq sifatida, ulkan chorrahada turgan yo‘lovchimiz, go‘yo! U yoki bu davlatning choychaqasi muqaddas dinimiz va milliy urf-odatlarimiz, qadriyat va tarbiyamiz tomirlariga zaxa yetkazadigan bo‘lsa, bunday “mehribonlik”dan voz kechganimiz ma’qul. Oilaviy tutumlarimiz Yevropa yoxud Amerika o‘lchovlariga to‘g‘ri kelishi shart emas va bu “qoloqlik”ka rozimiz!
Ma’yus va mahzun bo‘lish musulmonga yarashmaydi. G‘ayratu shijoatli ummatni xush ko‘rgan Muhammad (s.a.v) shar’iy amrlarini bilib-bilmay, hatto, qasddan xato qo‘llash Fitrat zamonida qolib ketgan bo‘lsa koshki edi. Jaholat, olomonchilik, ne’mat shukrini qilmaslikka asrimiz ham “merosxo‘r” chiqdi.
Fitrat domlaning “Najot yo‘li” asari hozir ham ogohlik qo‘ng‘irog‘i kabi jaranglab turibdi. Haq yo‘lidan toygan elning abgor turmush manzarasi u... Haq yo‘li bizdan yiroqda emas, o‘zimizda: “Albatta, to bir qavm o‘zlarini o‘zgartirmagunlaricha, Olloh ularning holini o‘zgartirmas” (“Ra’d” surasi, 11-oyat).
Olim Toshboyev,
filologiya fanlari nomzodi,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist
Manba: “Tafakkur” jurnali