Shaharsozlikda xalqqa kafolat, quruvchiga sharoit, davlatga intizom taqdim qiladigan yangi formula
Prezident tashabbuslari — amalda
U besh-olti yil tinimsiz ishladi. Peshona teri bilan topgan pullarini uy olaman deb quruvchi kompaniyaga topshirdi. Niyatlari katta edi. Ammo qurilish boshlanganidan bir yil o‘tib, o‘sha shirkat g‘oyib bo‘ldi. Na uydan darak bor, na puldan.
Endi boshqa bir hayotiy misol. Mahallalardan birida noxush voqea sodir bo‘ldi. Aniqrog‘i, bolalar o‘ynaydigan yagona yashil maydoncha o‘rnida bir kechada to‘siqlar paydo bo‘ldi. Hech qancha vaqt o‘tmay, baland bino qurilishi boshlandi. Oqibatda mahallada chiroq tez-tez o‘chadigan, suv bosimi pasayib, kanalizatsiya tizimi dosh berolmaydigan bo‘lib qoldi.
Bu kabi og‘riqli misollar hayotimizda, afsuski, kam uchrayotgani yo‘q. Raqamlarga e’tibor qarating. O‘tgan yilning o‘zida mamlakatimizda ulushli uy-joy qurilishi bilan bog‘liq firibgarliklar tufayli 3 mingga yaqin fuqaro naqd 668 milliard so‘mlik zarar ko‘rgan. Shuningdek, 2025-yilda 1 ming 952 ta noqonuniy va o‘zboshimchalik bilan qurilgan ob’ekt aniqlangan.
Xo‘sh, bu kabi bosh-boshdoqlikka qanday chek qo‘ysa bo‘ladi?
Shu yilning 10-iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida urbanizatsiya va shaharsozlik sohasidagi islohotlar samaradorligini oshirish bo‘yicha o‘tkazilgan taqdimot aynan mana shunday dolzarb masalalarga mukammal yechim berishga qaratilgani bilan g‘oyat ahamiyatli bo‘ldi.
Bugun O‘zbekiston aholisi eng tez ko‘payib borayotgan mamlakatlardan biri sanaladi. Har yili oilalar soni 250 ming atrofida ko‘paymoqda. Odamlar shaharlarga talpinyapti. Yurtimizda shahar aholisi ulushi 50 foizdan oshib ketdi. Shaharlar esa rejasiz, tarqoq rivojlansa, yuqoridagi kabi infratuzilmaviy inqirozlar kelib chiqaveradi.
– Bugungi kunda respublikamizdagi 8 ming 604 ta aholi punktidan bor-yo‘g‘i 2 ming 506 tasi, ya’ni 29 foizi bosh rejalar bilan qamrab olingan, – deydi Urbanizatsiya va uy-joy bozorini rivojlantirish milliy qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Azizbek Latifjonov. – Qolgan 71 foizida esa tizimli nazorat sust edi. To‘g‘ri, «Shaffof qurilish», «E-auksion», «E-qaror», «Mening uyim» kabi elektron tizimlar bor edi. Lekin ular bir-biri bilan «gaplashmasdi». Ya’ni yagona baza yo‘q edi. Yer bir tizimda, loyiha boshqasida, ruxsatnoma esa mutlaqo bo‘lak joyda shakllanardi. Endi bu tizim tubdan o‘zgaradi. Yangi tartibga ko‘ra, sohaga «Uy-joy» yagona axborot platformasi kiritiladi. Qurilish jarayonlariga hududning, loyihaning hamda ob’ektning raqamli pasportlari joriy etiladi. Ro‘yxatdan o‘tmagan shaharsozlik hujjati yuridik kuchga ega bo‘lmaydi. Bu esa hech bir tadbirkor o‘zboshimchalik bilan kelib, mahalla o‘rtasida noqonuniy bino ko‘tara olmasligini anglatadi.

Ta’kidlanishicha, maqolamiz boshida keltirilgan muammoli holatlar qayta takrorlanmasligi uchun davlat endi «eskrou» tizimini ishga tushirmoqda. Bu tizim qanday ishlaydi? Oddiy tilda izohlaymiz.
Siz uy olmoqchi bo‘lsangiz, pulni to‘g‘ridan-to‘g‘ri quruvchining qo‘liga yoki hisobiga bermaysiz. Mablag‘ingizni vakolatli bankdagi maxsus «eskrou» hisobvarag‘iga joylashtirasiz. Pul bankda xavfsiz saqlanadi. Quruvchi uyni to‘liq bitkazib, sizga kalitni topshirgach, topshirish dalolatnomasi imzolanganidan keyingina bank bu pulni quruvchiga o‘tkazib beradi. Agar quruvchi bankrot bo‘lsa yoki shartnoma shartlarini buzsa, bankdagi pulingiz o‘zingizga to‘liq qaytariladi. Bu fuqaro uchun yuz foizlik xavfsizlik kafolatidir.
Taqdimotda tilga olingan yana bir katta masala renovatsiya bo‘ldi. Ya’ni eskirgan uy-joy fondini yangilash yo‘nalishi haqida topshiriqlar berildi. Mamlakatimizda 1991-yilgacha qurilgan 17 mingta uy bor bo‘lib, ularning ko‘pi ma’nan va jismonan eskirgan. Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risidagi yangi qonun mana shu uylarda yashayotgan aholining roziligi bilan, ularning huquqlarini to‘liq himoya qilgan holda, ushbu hududlarni kompleks yangilashni ko‘zda tutadi.
Shaharni cheksiz kengaytirishning imkoni yo‘q. Hudud chetga qarab kengaysa, u yerga kilometrlab yangi gaz, suv, elektr tarmoqlarini tortish kerak bo‘ladi. Bu esa davlat byudjetiga ulkan xarajat tug‘diradi. Eng yomoni unumdor qishloq xo‘jaligi yerlari yo‘qotiladi. Bu o‘z navbatida oziq-ovqat xavfsizligiga ham jiddiy tahdiddir.
Shu bois, eski ikki-uch qavatli uylar o‘rnida barcha sharoitlari mujassam, energiya tejamkor, atrofida kamida 30 foiz yashil hududi va 15 daqiqalik masofada maktab, bog‘cha, shifoxonasi bo‘lgan zamonaviy ko‘p qavatli majmualar qurish eng oqilona yo‘ldir.
Ushbu islohotlardan kimga nima naf? Keling, ushbu savolga ochiq va lo‘nda javob beraylik.
Eng avvalo, xalqimiz naf ko‘radi. Odamlar uy olayotganda aldanib qolmaydi. Ko‘p qavatli uylar atrofida bog‘cha, maktab, yashil maydonlar bo‘ladi. «Suv chiqmaydi, chiroq o‘chadi» degan muammolar barham topadi. Chunki infratuzilma oldindan o‘n yillik aholi o‘sishi istiqbollariga qarab hisoblab, aniq reja bilan quriladi.
Insofli va halol quruvchilar uchun sog‘lom raqobat muhiti yaratiladi. Korrupsiya va turli idoralar eshigida sarson bo‘lishlar yo‘qoladi. Hamma hujjat yagona raqamli tizimda shaffof ko‘rinib turadi.

Davlatga esa iqtisodiy yuksalish va qat’iy tartib jihatidan naf beradi. Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, urbanizatsiya darajasi bir foizga oshsa, mamlakat yalpi ichki mahsuloti ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri shuncha foizga o‘sadi. Davlatning yer resurslari tejaladi. Infratuzilmaga ortiqcha va behuda xarajatlar qilinmaydi. Eng muhimi, noqonuniy qurilishlar va ijtimoiy noroziliklar kamayadi, xalqning davlatga bo‘lgan ishonchi yanada mustahkamlanadi.
Uyni shunchaki to‘rt devor va tomdan iborat boshpana deb o‘ylamaslik kerak. U har birimiz xotirjam nafas oladigan, farzandlarimiz ulg‘ayadigan muqaddas makondir.
Davlatimiz rahbari tomonidan shaharsozlikni raqamlashtirish, bosh rejalarni tizimga solish va ulushli qurilishni nazoratga olish bo‘yicha belgilab berilgan vazifalar esa shunchaki texnik jarayon sanalmaydi. Bu odamlarning yillar davomida topgan halol pulini firibgarlardan asrash, shaharlarimizni «beton to‘polonlari»dan qutqarib, chinakam yashil va shinam makonga aylantirish demakdir.
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA sharhlovchisi