Sevil Yo‘ldosheva - yarim finalda
Pokiston poytaxti Islomobod shahrida tennis bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi «W15 Islamabad» xalqaro turnirida Sevil Yo‘ldosheva yarim final bosqichiga chiqdi.
Xalqaro tennis federatsiyasi (ITF) taqvimidan joy olgan mukofot jamg‘armasi 15 ming AQSH dollarini tashkil etuvchi mazkur musobaqaning yakkalik bahslarida Sevil Yo‘ldosheva chorak finalda germaniyalik Anastasiya Kuparevni har ikkala setda bir xil - 6:4 hisobida taslim etdi. Shu tariqa, Sevil final ostonasida fransiyalik Astrid Sirott bilan kuch sinashadigan bo‘ldi.
Shuningdek, Sevil Yo‘ldosheva germaniyalik Anastasiya Kuparev bilan tandem hosil qilib, juftlik bellashuvlarida yarim finalga chiqqan edi. Biroq, ular ushbu bosqichda Jong Mun (Janubiy Koreya) va Kamonvan Yodpetch (Tailand) juftligiga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA