Serbiya matbuoti O‘zbekiston haqida
Serbiyaning RTV nashri O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Serbiyaga rasmiy tashrifi munosabati bilan ikki davlat aloqalariga bag‘ishlangan maqola e’lon qildi.
Maqolada O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi aloqalar so‘nggi yillarda izchil rivojlanib, siyosiy muloqot, parlamentlararo munosabatlar, gumanitar aloqalar, savdo-iqtisodiy hamkorlik kabi yo‘nalishlarni qamrab olayotgani qayd etilgan. Nashrga ko‘ra, ikki davlat munosabatlari tobora ko‘p qirrali sheriklik darajasiga ko‘tarilmoqda.
RTV O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi munosabatlarning muhim jihati sifatida o‘zaro hurmat, milliy manfaatlarni inobatga olish hamda xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikka sodiqlikni keltirgan. Maqolada bu omillar ikki tomonlama siyosiy muloqot uchun mustahkam zamin bo‘lib xizmat qilayotgani ta’kidlangan.
Nashr O‘zbekiston mustaqilligini Serbiya 1991-yil 31-dekabrda tan olgani, ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar esa 1995-yil 18-yanvarda o‘rnatilganini eslatgan. Maqolada qayd etilishicha, diplomatik aloqalar o‘rnatilgan dastlabki davrda ikki tomonlama munosabatlar nisbatan cheklangan bo‘lgani holda, so‘nggi yillarda, ayniqsa, 2022–2023-yillarda sezilarli taraqqiyot kuzatilgan. Bunda O‘zbekiston va Serbiyaning suverenitet, hududiy yaxlitlik va milliy manfaatlarni hurmat qilishga asoslangan yondashuvlari muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlangan.
Bu jarayonda Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchichning 2022-yil 28–31-oktyabr kunlari O‘zbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi muhim qadam bo‘lgani ta’kidlangan. Nashr ushbu tashrif siyosiy muloqotni mustahkamlash, iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va gumanitar hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochganini qayd etgan.
Maqolada aynan shu jarayonning davomi sifatida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Serbiyaga joriy tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan muhim siyosiy voqea sifatida yoritilgan.
D.HAKIMOV,
O‘zA