Senatorning transport vaziriga yuborgan so‘rovi natijasi qanday bo‘ldi?
Avval xabar berganimizdek, Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi a’zosi Husan Ermatov “Forish - Nurota” yo‘lini rekonstruksiya qilish ishlari yuzasidan transport vaziri Ilhom Mahkamovga senator so‘rovi yuborgan edi.
So‘rovda mazkur yo‘lda olib borilayotgan ta’mirlash ishlari sabab ayrim uchastkalarda harakatning bir tomonlama tashkil etilgani, bu esa tirbandliklarni keltirib chiqarayotgani va aholi noroziligiga sabab bo‘layotgani qayd etilgan.
Shu munosabat bilan senator yo‘l rekonstruksiyasi qachon yakunlanishi, uning transport o‘tkazuvchanlik quvvati qanday bo‘lishi, shuningdek, “Toshkent - Samarqand” avtomagistralidagi ortiqcha yuklamani kamaytirish bo‘yicha qanday choralar ko‘rilayotgani haqida ma’lumot so‘ragan.
Transport vaziri tomonidan yo‘llangan javobda senator so‘rovida ko‘tarilgan barcha masalalar atroflicha o‘rganilgani ma’lum qilingan.
Qayd etilishicha, Prezidentning 2024-yil 31-dekabrdagi qaroriga muvofiq, “Forish - Nurota” yo‘nalishidagi qator avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya qilish bo‘yicha loyiha konsepsiyasi ishlab chiqilgan. Konsepsiya xalq deputatlari Jizzax viloyati kengashi hamda Transport vazirligi huzuridagi ilmiy-texnik kengash tomonidan ma’qullangan.
Hozirda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining taklif va e’tirozlari inobatga olingan holda takomillashtirilgan loyiha konsepsiyasi qayta kiritilgan. Loyihani amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlari bilan muzokaralar olib borilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, loyihani amalga oshirish 2027 - 2032-yillarga mo‘ljallangan. Rekonstruksiya qilinadigan yo‘l II texnik toifa talablari asosida qurilib, sutkasiga 6 mingdan 14 mingtagacha transport vositasi harakatlanishi uchun mo‘ljallanadi.
Vazirlik javobida respublika avtomobil yo‘llarining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish, muqobil yo‘nalishlarni rivojlantirish va transport oqimlarini samarali taqsimlash bo‘yicha tizimli ishlar davom etayotgani ham ta’kidlangan.
Shuningdek, bayram va dam olish kunlarida aholi harakatchanligi ortishi munosabati bilan transport oqimlari muntazam tahlil qilib borilayotgani, yo‘lovchilar uchun qo‘shimcha avtobus, temir yo‘l va aviaqatnovlar tashkil etilayotgani ma’lum qilingan.
Transport vazirligi kelgusida transport infratuzilmasini yanada rivojlantirish, aholi uchun qulay, xavfsiz va samarali transport xizmatlarini tashkil etish bo‘yicha ishlar izchil davom ettirilishini bildirgan.
N.Abduraimova,
O‘zA