Senatorlar xorijiy davlatlar parlament a’zolari bilan fikr almashdi
Samarqandda o‘tkazilayotgan Yosh parlament a’zolarining XII global konferensiyasi doirasida Senat a’zolari parlamentlar delegatsiyalari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Jumladan, Buyuk Britaniya parlamenti Jamoatchilik palatasi Xalqaro taraqqiyot qo‘mitasi a’zosi A.Kyorns, Tashqi ishlar qo‘mitasi a’zosi D.Karden, Irlandiya parlamentining Tadbirkorlik, turizm va bandlik masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Jeyms O’Konnor, Rossiya Federal Majlisi Federal kengashi Iqtisodiy siyosat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari A.Trembitskiy boshchiligidagi parlament delegatsiyalari bilan fikr almashildi.
Buyuk Britaniya parlament a’zolari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ko‘p qirrali munosabatlarni yanada rivojlantirish hamda parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Irlandiya parlament a’zolari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda parlamentlararo hamkorlikni faollashtirish, axborot texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, yangi texnologiyalarni jalb qilish va Yevropa ittifoqi bilan sheriklik doirasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Rossiya Federal Majlisi Federal kengashi a’zolari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda parlamentlararo munosabatlarni yanada faollashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Muloqot davomida ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va ishonchga asoslangan o‘zaro munosabatlari natijasida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi hamkorlik keng qamrovli strategik sheriklik darajasida rivojlanib borayotgani alohida ta’kidlandi.
N.Abduraimova,
O‘zA