Senatorlar suv xo‘jaligi vazirining axborotini eshitdi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Majlisda Qoraqalpog‘iston Respublikasida suv resurslaridan samarali foydalanish va yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vazirining axboroti eshitildi.
Suv resurslaridan samarali foydalanish mavjud irrigatsiya va melioratsiya tizimlarini rekonstruksiya qilish, yangilarini qurish, shuningdek, suv resurslarini boshqarish uchun zamonaviy texnologiyalarni amaliyotga joriy etishni talab etadi.
Bu borada Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2021 yil 1 iyun holatiga respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan 18,7 milliard so‘m sarflanib, 25,9 kilometr uzunlikdagi kanallar va 1 ta ko‘prikni rekonstruksiya qilish ishlari bajarilgan hamda 0,3 kilometr qirg‘oqda himoya ishlari amalga oshirilgan.
Bundan tashqari, mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 2,07 milliard so‘m mablag‘ sarflanib, 1 iyun holatiga 232,8 kilometr uzunlikdagi irrigatsiya tizimlarini ta’mirlash va tiklash ishlari amalga oshirilgan. 2021 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 142 gektar, shundan 108 gektarda tomchilatib sug‘orish, 34 gektarda yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalari ishga tushirilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha 2021-2023 yillarda jami 1 ming 622 ta suv xo‘jaligi ob’ektini boshqarish, suvni hisobga olish va monitoring yuritish raqamli texnologiyalari rejalashtirilgan bo‘lib, hozir 192 ta suv xo‘jaligi ob’ektiga shunday qurilmalar o‘rnatish ishlari amalga oshirilmoqda.
Suv xo‘jaligini boshqarish tizimini isloh qilish maqsadida suv xo‘jaligi ob’ektlarini davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida xususiy sektorga berish uchun 30 ta loyiha bo‘yicha xususiy sheriklar aniqlangan.
Shuningdek, tadbirda senatorlar tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida suv resurslarini boshqarishga xorijiy investitsiyalarning jalb etilishi masalasi ham ko‘rib chiqildi. Qayd etilganidek, Jahon banki bilan hamkorlikda 2015-2021 yillarga mo‘ljallangan 214,9 million AQSH dollari miqdorida loyiha amalga oshirilmoqda. bugungi kungacha 101,2 million AQSH dollari o‘zlashtirilgan.
Bundan tashqari, senatorlar tomonidan 2021 yilda suv tanqis bo‘layotganligi, uning salbiy oqibatlari joylarda sezilayotganligi, shu munosabat bilan suv tanqisligini yumshatish, suv resurslaridan samarali foydalanish hamda yerlarning meliorativ holatini yaxshilash masalasi respublikamizda, ayniqsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasida eng dolzarb masalalardan biri ekanligi qayd etildi.
Bu borada suv omborlaridagi suv resurslaridan foydalanishni to‘liq nazoratga olish, ayniqsa, ulardan suv chiqarishni qat’iy aniq hisob-kitoblarga asoslangan buyurtmalar bo‘yicha amalga oshirishni yo‘lga qo‘yish, suv manbalaridan olinayotgan suv hisobi hamda olingan suv bilan sug‘orish ishlari monitoringini yo‘lga qo‘yish zarurligi alohida ko‘rsatib o‘tildi.
Senat Kengashi qarori asosida shakllantirilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar ijrosini ta’minlash yuzasidan doimiy asosda faoliyat ko‘rsatuvchi idoralararo ishchi guruhning “Yo‘l xarita”si va “Media reja” ijrosi yuzasidan amalga oshirayotgan ishlari muhokama qilindi.
Madaniyat vazirligi tashabbusi bilan joriy yil 21-28 may kunlari “Madaniyat karvoni” shiori ostida tadbirkorlar hamda blogerlar ishtirokida “Toshkent-Orol” Rallisiga start berildi. Vazirlik tomonidan “IFNC” (Xalqaro milliy liboslar festivali) bilan hamkorlikda 23-25 may kunlari Ispaniyaning xalqaro toifadagi “Azukar Moreno” va O‘zbekistonning “Dil Orom” milliy liboslar brendlari ishtirokida Ellikqal’a tumanida “Etno Aral” fotosessiyasi ham tashkil etildi.
Yig‘ilish doirasida “Madaniyat karvoni” tadbiri yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi. Unda “Madaniyat karvoni” tadbirlarida faol ishtirok etganlar taqdirlandi.
N.Nasriyev, O‘zA