Senator xalq ta’limi homiysi bo‘ldi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi, Namangan shahridagi “ANAMED” tibbiy diagnostika markazi direktori Nosirbek Abdullaxonov yosh avlod kamoloti yo‘lidagi alohida tashabbuslari uchun “Xalq ta’limi homiysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Davlatimiz rahbari tomonidan ta’lim-tarbiyaga, maktab faoliyatiga doir o‘tkazib kelinayotgan videoselektor yig‘ilishlarida “Biz uchun, ta’lim, ilmdan boshqa najot yo‘qligi” ta’kidlab kelinadi.
Bu haqiqatni anglagan Senat a’zosi Nosirbek Abdullaxonov yurtimizda birinchilardan bo‘lib 2021 yilda “Senator stipendiyasi” ni joriy etdi. Bu Namangan shahridagi ta’lim sifati bir muncha orqada qolgan maktablar o‘quvchilarini muntazam ravishda rag‘batlantirib, ularni ulkan marralar sari chorlamoqda. Mazkur tashabbus birgina, “qizil” ro‘yxatdagi 46-sonli umumta’lim maktabida bir yil ichida o‘z samarasini berdi. Taqqoslash uchun bu yerda so‘nggi 27 yil ichida bitiruvchilar orasidan atigi bir-ikki nafari talabalik baxtiga erishgan bo‘lsa, o‘tgan o‘quv yili yakunlari bilan 13 nafar bitiruvchi oliy ta’lim muassasalariga qabul qilindi.
Shuningdek, senator yana bir xayrli ishga qo‘l urdi. Yangi o‘quv yili oldidan viloyat markazida joylashgan 1-sonli davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabining ikkita sinf (rus tili va boshlang‘ich) xonalarini 140 million so‘m shaxsiy mablag‘i evaziga to‘liq jihozlab, mukammal ta’mirlab berdi.
Oliy Majlis Senati a’zolari, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi, shahar xalq ta’limi bo‘limi mutasaddilari, ustoz muallimlar, ota-onalar ishtirokida bo‘lib o‘tgan tadbirda maxsus mukofot Nosirbek Abdullaxonovga topshirildi.
Bu kabi xayrli sa’y-harakatlar yosh avlodni intellektual salohiyatli, zukko qilib tarbiyalash, maktablarda ta’lim sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA