Senator Namanganda ishchilar bilan uchrashmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mahmudjon Parpiyev Namangan shahri va Davlatobod tumanidagi qator mehnat jamoalarida fuqarolar bilan uchrashdi.
Senator Namangan shahar Bandlikka ko‘maklashish markazi jamoasi va xalq deputatlari shahar Kengashining faol deputatlari ishtirokidagi muloqotda Oliy Majlis Senatining 17-yalpi majlisida muhokama qilingan masalalarni sharhlab berdi.

Yalpi majlisda ko‘rilgan 19 ta masala, shu jumladan, 7 ta qonun bo‘yicha ishtirokchilarda tug‘ilgan savollarga atroflicha javob qaytardi.
Muloqot davomida yuzaga kelgan ayrim masalalar, jumladan, yangi tashkil etilgan tumanlar mahalliy Kengashlari faoliyatini qonuniy yo‘lga qo‘yish, subsidiya berilib ko‘p qavatli uylar olgan fuqarolarning qarzni qaytarish bilan bog‘liq yuzaga kelayotgan muammolar o‘rtaga tashlandi. Mazkur masalalar senator tomonidan nazaratga olinishi qayd etildi.

Davlatobod tumanida joylashgan "Vakkoni" brendi asosida bejirim kiyim-boshlar yaratib, eksport salohiyatini kengaytirayotgan “Lyuks plyus servis” mas’uliyati cheklangan jamiyatida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda yurtimizda katta tayyorgarlik bilan kutib olinayotgan O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yillik bayrami, o‘tgan davrda qo‘lga kiritilgan yutuqlar, o‘zgarishlar haqida so‘z yuritildi.
Mazkur korxonada hozirgi kunda 500dan ortiq kishi ish bilan ta’minlangan. Chevarlar ishlab chiqarayotgan mahsulotlar nafaqat Markaziy Osiyo davlatlari, shuningdek, Rossiya Federatsiyasiga ham eksport qilinmoqda. Shu kunlarda jamiyat Germaniya tomoni bilan kelishuvlar olib borayapti.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA