Senator joylarda aholi muammolarini o‘rganmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Abira Huseynova “Milliy Tiklanish” demokratik partiyasi G‘ijduvon tumani kengashidagi deputatlik guruhi a’zolari bilan uchrashdi.
Unda partiya tuman kengashi xodimlari, xalq deputatlari tuman kengashi kotibiyati, tegishli tashkilot va idoralar vakillari qatnashdi.
Yig‘ilishda Davlatimiz rahbarining Parlamentga va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasi, "Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili"da amalga oshirishga oid davlat dasturi"da belgilangan vazifalar, shuningdek, joriyning yil 2 fevraldagi partiyalar raislari bilan uchrashuvlarida ta’kidlangan vazifalar hamda Partiya dasturida ko‘zda tutilgan maqsad va vazifalardan kelib chiqib masalalar muhokama qilindi.
Tadbirdan so‘ng Oliy Majlis Senati a’zosi Abera Huseynovaning aholi vakillari bilan sayyor qabuli bo‘lib o‘tdi. Qabulda aholi tomonidan tuman markaziy kutubxonasi va madaniyat uyi uchun alohida bino ajratilishida amaliy ko‘mak so‘rab murojaat qilindi. Senator mazkur masalani tegishli tashkilotlar rahbarlari bilan o‘rganib, ijobiy hal etilishida amaliy ko‘mak berishini ma’lum qildi. Qabul davomida ajrim bilan bog‘liq oilaviy nizo ham ko‘rib chiqildi. Ushbu muammoli masala sud orqali yechim topishi yuzasidan tushuntirishlar berildi.

Partiya viloyat kengashi raisi, senator va deputatlik guruhi a’zolari tumandagi sport maktab internatida ham bo‘lishdi. O‘quvchi yoshlarning sport bilan shug‘ullanishi uchun yaratib berilgan shart-sharoitlarni o‘rganishdi. Maktab 1959 yilda hashar yo‘li bilan xom g‘ishtdan kolxoz idorasi sifatida foydalanib kelingan binoda faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. 120 o‘ringa mo‘ljallangan maktabda 190 nafar yoshlar ta’lim olib, sport mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanishmoqda. Maktab o‘quvchilari yaratib berilmagan to‘liq shart-sharoitlarga qaramasdan respublika va jahon miqyosida katta yutuqlarni qo‘lga kiritgan.
Maktab binosi mutlaqo talabga javob bermasligi bois, binoni qayta qurish talab etiladi. Mazkur masala yuzasidan senator A.Huseynova va viloyat kengashi deputatlik guruhi rahbari M.Muhammedovlar tegishli tartibda o‘rganib chiqib, deputatlik so‘rovi orqali mutasaddi tashkilotlar rahbarlariga murojaat etilishini va masala qat’iy nazoratga olinishini bildirishdi.
Partiya faollari Oliy Majlis Senati a’zosi Abira Huseynova boshchiligida viloyatning eng chekka hududlaridan biri bo‘lgan Qorovulbozor tumanida ham bo‘lishdi. Faollar tuman kengashidagi partiya deputatlik guruhi a’zolarining 2020 yildagi faoliyati tahlili hamda 2021 yildagi ustuvor vazifalar yuzasidan muhokamada qatnashishdi.
Zarif KOMILOV, O‘zA