Senator fuqaroning davolanishiga koʻmaklashdi
Oliy Majlis Senatida fuqarolar murojaati bilan ishlash tizimining aniq mexanizmi yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, joriy yil boshidan shu kunga qadar parlament yuqori palatasiga 5 ming 784 ta murojaat kelib tushgan.
Oliy Majlis Senatida fuqarolar murojaati bilan ishlash tizimining aniq mexanizmi yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, joriy yil boshidan shu kunga qadar parlament yuqori palatasiga 5 ming 784 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 452 tasi Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasiga yoʻllangan. Ular senatorlar tomonidan nazoratga olinib, ijobiy hal qilib kelinmoqda.
Taʼkidlash joizki, Senat aʼzolari xalq bilan bevosita muloqot qilish orqali hududlardagi real holatni oʻrganib, muammo va kamchiliklarni hal etishmoqda.
Yana bir jihat, karantin davrida fuqarolar Oliy Majlis Senatining virtual qabulxonasi hamda Senat Raisining “facebook.com”dagi rasmiy sahifasi orqali ham murojaatlar yoʻllashmoqda.
Namanganlik Maftuna Oliy Majlis Senati Raisining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali oʻz salomatligini tiklash borasida amaliy yordam soʻragan. Qayd etishicha, 18 yoshli Maftuna baxtsiz hodisa tufayli ogʻir tan jarohati olgan.
Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Nosirbek Abdullaxonov ushbu fuqaro bilan uchrashib, uning murojaatini oʻrgandi. Senator Maftunaning davolanishiga amaliy yordam berdi. Jumladan, Oʻzbekistondagi xususiy klinikalardan birida faoliyat yuritayotgan chet ellik tajribali shifokor koʻrigidan oʻtishini tashkillashtirdi.
– Avvalo, davlatimiz tomonidan soʻnggi yillarda tibbiyotga, ayniqsa, xususiy sektorga berilayotgan eʼtibor va imtiyozlar bugun oʻzining ijobiy samarasini berayotganini alohida taʼkidlash joiz, – deydi senator N.Abdullaxonov. – Guvohi boʻlib turganimizdek, xususiy tibbiyot klinikalariga ham chet eldan malakali shifokorlar jalb qilinib, xalqimizga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatilmoqda. Bu esa fuqarolarimizning chet elga mablagʻ sarf qilib borishi, vaqtini yoʻqotishi, ovoragarchiligining oldini olmoqda. Aholi murojaatlari bilan ishlash tizimi haqida gapirganda, har bir fuqaroning murojaatiga masʼuliyat bilan yondashish talab etiladi.
Boliviyalik tajribali shifokor Vladimir Tapiya Fernandes Maftunani koʻrikdan oʻtkazib, uni davolash istagini bildirdi.