Senat yalpi majlisi o‘z ishini boshladi
Bugun – 2022 yil 18 noyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 35 - yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.
Unda hukumat, senat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etmoqda.
Majlis kun tartibiga 17 masala kiritilgan bo‘lib, ulardan o‘ntasi qonunlardir.
Senat raisi Tanzila Norboyeva boshqarayotgan majlisda O‘zbekiston Davlat bayrog‘i qabul qilingan sanaga e’tibor qaratildi. Xalqimizning g‘ururi timsoli bo‘lgan milliy tug‘imiz mangu hilpirashiga tilak bildirildi.
Ayni paytda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Parlamentlararo Assambleyasining 2022 yil 27-28 oktyabr kunlari Samarqandda o‘tkazilgan kuzgi sessiyasi yakunlari ko‘rib chiqilmoqda.
Muhokama etiladigan qonunlar ichida davlat boji, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquqlilik, korporativ boshqaruv tizimi, mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari bilan bog‘liq qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishga qaratilgan hujjatlar bor.
Shu bilan birga bir necha qonunlar xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya qilishga qaratilgan.
Ular orasida “Izmir Shartnomasini (Izmir, 1996 yil 14 sentyabr) ratifikatsiya qilish haqida”, “O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkiya Respublikasi Hukumati o‘rtasida harbiy hadli Bitimni (Toshkent, 2022 yil 29 mart) ratifikatsiya qilish haqida”, “O‘zbekiston Respublikasi bilan Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida o‘zbek-qirg‘iz Davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi Shartnomani (Bishkek, 2022 yil 3 noyabr) ratifikatsiya qilish haqida”, “O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi o‘rtasida Andijon (Kampirobod) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi Bitimni (Bishkek, 2022 yil 3 noyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonunlar bor.
Davlat byudjetining 2022 yil to‘qqiz oyi yakuni bo‘yicha ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti, 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2022 yil to‘qqiz oyi yakuni bo‘yicha bajarilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisobotiga oid masalalar muhokama etiladi.
Toshkent viloyati va Toshkent shahrida yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni o‘rganish natijalari ko‘rib chiqiladi.
Daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olishning atrof muhit, suv va yo‘l xo‘jaligi ob’ektlariga salbiy ta’siri yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalariga baho beriladi.
Yalpi majlisda ko‘rib chiqiladigan barcha masalalar haqida uza.uz sayti orqali tanishtirib boramiz. Bizni kuzatib boring!
Norgul Abduraimova,
O‘zA