Senat: qanday amaliy natijalarga erishilmoqda? (+video)
2026-yil 7-8-avgust kunlari Oliy Majlis Senatining o‘n sakkizinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Senat va Hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Yalpi majlisda Yangi O‘zbekistonda inson qadrini ta’minlash, aholi uchun munosib va qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan islohotlar izchil davom etayotgani ta’kidlandi.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva mamlakatimiz iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolayotgani va xalqaro maydondagi nufuzi oshib borayotganini qayd etdi.
– Joriy yilning birinchi yarim yilligida iqtisodiyotning 8,5 foizga o‘sishi, shuningdek, nufuzli xalqaro reyting agentliklari tomonidan O‘zbekistonning suveren kredit reytingi bir pog‘onaga oshirilgani amalga oshirilayotgan islohotlarning xalqaro hamjamiyat tomonidan ham e’tirof etilayotganining yaqqol tasdig‘idir, - dedi T.Norboyeva. – Birinchi yarim yillik yakunlari va istiqboldagi ustuvor vazifalar muhokamasida Prezidentimiz bugungi murakkab global sharoitda 40 millionlik xalqimizning hayot sifatini yanada yuksaltirish uchun iqtisodiy o‘sish sur’atlarini jadallashtirish, har bir rahbar va mutasaddidan yuksak mas’uliyat, tashabbuskorlik talab etilishini alohida ta’kidladi. Ana shu vazifalardan kelib chiqib, o‘tgan olti oy Senat uchun ham sermahsul va mas’uliyatli davr bo‘ldi.
Ushbu davrda qonunchilik faoliyati doirasida shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan 40 ta qonun ko‘rib chiqildi. Konstitutsiyaviy vakolatlardan kelib chiqqan holda 11 ta qonunchilik tashabbusi ilgari surildi.
Parlament nazorati doirasida davlat va jamiyat hayotining turli sohalariga oid 60 dan ortiq nazorat-tahlil tadbirlari o‘tkazildi. Ularning qariyb 40 tasi hududlarda mahalliy kengashlar bilan hamkorlikda tashkil etilgani joylardagi muammolarni chuqur o‘rganish va ularning amaliy yechimlarini ishlab chiqish imkonini berdi.
[gallery-30793]
Senatorlar hududlardagi muammolarni bevosita o‘rganib, ularni Senat minbariga olib chiqdi. Joriy yilning birinchi yarmida 54 ta senator so‘rovi yuborildi.
Senatga fuqarolardan 7,8 mingdan ortiq murojaat kelib tushdi. Ularning aksariyati nazoratga olinib, mingdan ortig‘i ijobiy hal etildi.
Yalpi majlisda aholini ijtimoiy himoya qilish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, pensiya ta’minotini takomillashtirish, xavfsizlikni mustahkamlash va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan muhim qonunlar ma’qullandi.
Jumladan, nogironlik pensiyasini proaktiv tarzda, ya’ni fuqaroning alohida murojaatisiz tayinlash va qayta hisoblash mexanizmi joriy etilmoqda. Pensiya miqdori eng kam iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lmasligi belgilandi.
Shuningdek, 30 yildan ortiq harbiy xizmat qilgan shaxslar uchun pensiyani hisoblashning eng yuqori miqdori 75 foizdan 100 foizga oshirilmoqda.
Davlat boshqaruvini takomillashtirish, ekstremizmga qarshi kurashish samaradorligini oshirish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan qonunlar ham ma’qullandi.
Bundan tashqari, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy ma’ruza eshitildi.
Yalpi majlisda Samarqand viloyatining ma’muriy-hududiy tuzilishiga oid masala ham ko‘rib chiqildi.
Umuman, Senatning o‘n sakkizinchi yalpi majlisida aholi manfaatlarini ta’minlash, fuqarolar huquqlarini himoya qilish va mamlakat taraqqiyoti uchun muhim bo‘lgan qator masalalar muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/xa5seif1Q7w" title="YouTube video player" frameborder="0" allowfullscreen></iframe>Norgul Abduraimova, Doniyor Yoqubov (video), Nosirjon Haydarov (surat), Iskandar Ismatov (montaj), O‘zA