Senat: favqulodda vaziyatlarning oldini olish, oqibatlarini kamaytirishga oid ishlar samaradorligini oshirish zarur
Senat yalpi majlisida mamlakatimizda tabiiy, texnogen va ekologik xususiyatli favqulodda vaziyatlar monitoringi holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish masalasi ko‘rib chiqildi.
Mazkur masala yuzasidan ma’ruza qilgan Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov keyingi yillarda aholi va hududlarni tabiiy ofatlar hamda texnogen avariyalardan muhofaza qilish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Xususan, sohani rivojlantirishga qaratilgan qator farmon va qarorlar qabul qilinib, favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish tizimi yangi bosqichga olib chiqilmoqda.

Shu bilan birga, amalga oshirilgan tahlillar sohada qator tizimli muammolar saqlanib qolayotganini ko‘rsatdi. Jumladan, favqulodda vaziyatlar monitoringi, axborot almashinuvi va prognozlash tizimini to‘liq yo‘lga qo‘yish, idoralararo integratsiyani ta’minlash, ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish hamda malakali kadrlar bilan ta’minlash masalalari dolzarbligicha qolmoqda.
2025-yil davomida mamlakatimizda 82 favqulodda vaziyat yuz berib, ular oqibatida insonlar halok bo‘lgan va jarohatlangan. Shuningdek, yong‘inlar va gaz-havo aralashmalari chaqnashi bilan bog‘liq holatlar soni ham oshgani tashvish uyg‘otmoqda.

Senatorlar o‘z chiqishlarida favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ularning barvaqt aniqlash va oqibatlarini kamaytirish bo‘yicha ishlar samaradorligini oshirish zarurligiga alohida e’tibor qaratdi.
Muhokama yakunida Senatning Vazirlar Mahkamasiga mamlakatimizda tabiiy, texnogen va ekologik xususiyatli favqulodda vaziyatlar monitoringi holati yuzasidan parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat),
O‘zA