Senat: Byudjet daromadlarini oshirish va yashirin iqtisodiyotni qisqartirish zarur
Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi tomonidan xalq deputatlari mahalliy kengashlari deputatlari uchun “Mahalliy byudjetning daromadlar bazasini kengaytirish, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va zaxiralarni aniqlashda mahalliy kengashlar doimiy komissiyalarining ishtiroki” mavzusidagi o‘quv seminari o‘tkazildi.
Tadbirda mamlakatimizda hududlarni moliyaviy mustaqil qilish, soliq ma’murchiligini takomillashtirish hamda mahalliy kengashlarning ijro hokimiyati ustidan deputatlik nazoratini kuchaytirish borasidagi ustuvor vazifalar atroflicha muhokama qilindi.
Senatorlar tomonidan yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va soliq bazasini kengaytirish, hududlardagi ichki zaxiralarni yuzaga chiqarish hamda mahalliy kengashlar va doimiy komissiyalar mas’uliyatini oshirish yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar bildirildi.

Xususan, hududlarda faoliyat yuritayotgan, biroq rasmiy ro‘yxatdan o‘tmagan yoki faoliyatini yashirin olib borayotgan tadbirkorlik sub’ektlarini legallashtirish bo‘yicha mahalliy kengashlar doimiy komissiyalarining roli tushuntirilib, norasmiy bandlikni qisqartirish, ish haqi fondini “soya”dan chiqarish va aholi o‘rtasida moliyaviy savodxonlikni oshirish orqali soliq tushumlarini ko‘paytirish mexanizmlari ko‘rib chiqildi.
Hududlar kesimida foydalanilmayotgan yer maydonlari, bo‘sh turgan bino va inshootlarni to‘liq xatlovdan o‘tkazish hamda ularni iqtisodiy aylanmaga kiritish orqali mahalliy byudjetga qo‘shimcha daromad manbalarini jalb etishda mavjud tabiiy va iqtisodiy resurslardan samarali foydalanish yo‘llari tahlil qilindi.

Seminar davomida hududlardagi doimiy komissiyalar har chorakda mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari ijrosini qat’iy nazoratga olishi zarurligi ta’kidlanib, bu borada soliq organlari va moliya bo‘limlari bilan yaqin hamkorlik o‘rnatib, prognoz ko‘rsatkichlarining bajarilishini birgalikda tahlil qilish amaliyoti kengaytirilishi qayd etildi.
Senatorlar o‘z hududlarida deputatlar duch kelayotgan muammolar, jumladan, mahalliy daromad manbalarini shakllantirishdagi byurokratik to‘siqlar va o‘z yechimini kutayotgan masalalarning huquqiy va amaliy yechimlarini ko‘rsatib o‘tdi.
N.Abduraimova,
O‘zA