Seminar: maktabgacha ta’lim tizimi mutaxassislari jam bo‘ldi
Sirdaryo viloyatida “Maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini boshqarish yuzasidan jamoatchilik nazoratini takomillashtirishda Kuzatuv kengashlari faoliyatining o‘rni” mavzusida amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlardan maktabgacha ta’lim tizimi xodimlari ishtirok etdi.
Dastlabki manzil Guliston tumani Terakzor mahallasidagi 15-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti bo‘ldi. Mazkur bog‘cha 2021 yil “Obod qishloq” dasturiga kirgan edi. Qo‘shimcha binolar qurilishi evaziga uning quvvati oshib, 180 nafar tarbiyalanuvchini qabul qilish imkoniyatga ega bo‘ldi. Natijada mahallaning bog‘cha yoshidagi bolalari to‘liq davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga qamrab olindi. Mehmonlar bog‘chada yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.

Seminarda maktabgacha ta’lim tizimida boshqaruvning shaffofligini ta’minlash, bu bilan korrupsiyaning oldini olish va MTTda ta’lim-tarbiya sifatini zamon talablari darajasiga ko‘tarish haqida so‘z bordi. 2017 yilda vazirlik tashkil etilgan paytda bog‘cha yoshidagi bolalar qamrovi bor-yo‘g‘i 27 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bugunga kelib bu ko‘rsatkich respublika bo‘yicha 67 foizga yetgan.

Ishtirokchilar uch sho‘’baga bo‘linib, MTTda Kuzatuv kengashi faoliyatini tashkil etishning dastlabki bosqichlari, mazkur kengashning bog‘chalar moddiy- texnik bazasini mustahkamlashdagi roli, asosiy faoliyat bosqichlari haqida fikr almashdi.

Seminar qatnashchilarining keyingi manzili Guliston tumanidagi 13-sonli DMTT bo‘ldi. MTTning “Ko‘zmunchoq” milliy raqs dastasi konsert dasturini taqdim etdi. So‘ng gulistonliklarning 300 nafar qora ko‘zlari tarbiyalanayotgan 15-sonli DMTTga borildi. Bog‘cha matematika fanini o‘rgatishga ixtisoslashtirilgan. “Ijod ustaxonalari” samarali faoliyat olib bormoqda.

“Maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish va tahlil qilish” bo‘limining ish tajribasi bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. “Ozod yurtim kelajagi” deb nomlangan konsert dasturi namoyish etildi.

Sh.Suyarov, F.Toshmatov(surat), O‘zA