Sel kelganda nima qilish kerak?
Ma’lumki, sel juda og‘ir tabiiy falokat bo‘lib, u mintaqaning iqtisodiyoti, infratuzilmasi va insonlar hayotiga jiddiy zarar yetkazadi.
Shu kunlarda respublikamizning ayrim hududlarida kuchli yog‘ingarchilik oqibatida sel oqimlari va toshqin suvlari yuzaga kelmoqda. O‘z navbatida, buning oqibatlari talafotli bo‘lmoqda.
Shunaga ko‘ra, FVV sel xavfi yuzaga kelganda aholi qanday yo‘l tutishi kerakligi bo‘yicha eslatma bilan chiqdi.

Xususan, FVV Axborot xizmati xodimi Samandar Hikmatullayev sel xavfi bo‘lganda zarur harakatlar bo‘yicha tavsiyalar berdi:
– Sel oqimlaridan faqat qochib qutilish mumkin. Sel xavfi to‘g‘risida habar eshitgandan so‘ng darhol xavfsiz joyga ko‘chish harakatlarini qilish kerak. Sel oqimining tez fursatda shakllanishi, uning tezligini hisobga olgan holda xabar tarqatish va muhofaza tadbirlarini bajarish uchun vaqt juda chegaralanganini, jumladan, bir necha daqiqadan 10-20 daqiqagacha bo‘lishi mumkinligini doimo yodda tutish lozim.
Sel oqimidan xalos bo‘lishning iloji bo‘lmasa, balandroq tepalik ustiga, daraxtga yoki biror baland moslamalar ustiga chiqish kerak. Odatda sel 3-5 soat davom etishi mumkin. Sel oqimi o‘tgandan so‘ng devor va ustunlarning holatini, gaz, elektr va suv ta’minotining sozligini tekshirish zarur.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA