Sektorlar tashabbusi bilan bog‘ barpo etilmoqda
Mamlakatimiz bo‘ylab keng quloch yozgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Surxondaryo viloyatida foydalanishdan chiqqan yerlarda viloyat sektor rahbarlari boshchiligida viloyat hokimligi, viloyat prokuraturasi, viloyat ichki ishlar va viloyat davlat soliq boshqarmalarining mevali bog‘lari tashkil etilmoqda.
Bugun viloyat hokimligi uchun ajratilgan Angor tumani Kattaqum mahallasi hududidagi 4 gektar foydalanishdan chiqqan yer maydonida o‘rikzor barpo etishga kirishildi.

Yangi bog‘da dastlabki o‘rik ko‘chatini ezgu niyatlar bilan viloyat hokimi To‘ra Bobolov o‘tqazdi. Kun davomida hokimlikning apparat xodimlari ikki ming dona o‘rik ko‘chati ekib, foydalanishdan chiqib qolgan yer maydonini yashil libosga burkadi.
- Ko‘chatlar bir tekis rivojlanishi uchun har bir xandakka arpa urug‘i sepib, mahalliy o‘g‘itga aralashtirilgan tuproq to‘shadik, – deydi viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Murodbek Davlatov.¬ –Namgarchilikni uzoq saqlashi uchun ko‘chat atrofida chuqurchalar qazib chiqdik. Bu ko‘chatlarning qor va yomg‘ir suvidan to‘yinib turishiga xizmat qilar ekan. Kelgusi yil mevali bog‘imizda to‘liq topchilatib sug‘orish joriy etiladi.
Mazkur loyiha doirasida Surxondaryo viloyatida 16 million tupdan ortiq mevali¬, manzarali daraxt va buta ko‘chatlari ekish rejalashtirilgan. Shundan olti million tupi kuz faslida o‘tqaziladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgacha 2 million 120 mingga yaqin ko‘chat ekilgan. Bugun vohada 164 ming 500 dan ziyod daraxt ko‘chati o‘tqazildi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA