Sektorlar rahbarlarining faoliyati samaradorligi baholanadi
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi matbuot kotibi Sevara Zokirova ishtirokida brifing o‘tkazildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda sektorlar rahbarlarining faoliyati samaradorligini baholashning yangi tizimi joriy etiladi. Qayd etilishicha, endilikda reytingning 60 foizi sektordagi ish faoliyati hamda 40 foizi sektor rahbarlarining yuqori turuvchi organlari tomonidan ularning sohaviy faoliyatini baholash natijalariga ko‘ra shakllantiriladi.
Ma’lumki, Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tuman (shahar) hokimi o‘rinbosarlari hamda sektorlar rahbarlarining faoliyati samaradorligini baholab kelmoqda. Jumladan, “mahallabay” ishlash mexanizmini yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida o‘tgan 2020 yildan boshlab Namangan va Xorazm viloyatlari tuman (shahar)larida, o‘tgan 2021 yildan esa barcha tuman (shahar)larda sektorlar faoliyatining samaradorligini baholash tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Baholashning ustuvor yo‘nalishlari hokim yordamchilari faoliyati samaradorligi bo‘yicha statistik ko‘rsatkichlar yig‘indisi, yoshlar yetakchilari faoliyati samaradorligi bo‘yicha statistik ko‘rsatkichlar yig‘indisi hamda xotin-qizlar faollari faoliyati samaradorligi bo‘yicha statistik ko‘rsatkichlar yig‘indisi kabilardan iborat.
Shuningdek, reyting mahallalarda sodir etilgan jinoyatlar to‘g‘risidagi statistik ma’lumotlar, sektor rahbarlarining shaxsiy tashabbuskorligi bilan amalga oshirilgan ishlari, tuman (shahar) bo‘linmalari rahbarlarining sohaviy xizmat faoliyati samaradorligining baholash natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar, tuman (shahar) aholisi va MFY raislarining sektorlar faoliyatidan qoniqish darajasi bo‘yicha so‘rovnoma natijalari va sektorlar rahbarlarining bilimini ilm.argos.uz platformasi orqali sinovdan o‘tkazish natijalari bilan shakllantiriladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA