Sayyor qabulda muammolarga yechim topildi
O‘zLiDePning “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida hududlarda bir qator uchrashuv va qabullar tashkil etilmoqda. Ularda aholini qiynayotgan masalalarni, fuqarolarning murojaatlarini hal etishga ko‘maklashilmoqda.
Jumladan, poytaxtimizning Sergeli tumanida o‘tkazilgan sayyor qabulda partiya vakillari, mahalliy Kengash deputatlari, tuman hokimligi mutasaddilari hamda aholi vakillari ishtirok etdi.
Sayyor qabulda 225 nafar fuqaro ishtirok etib, ular tomonidan ko‘tarilgan 149 ta masalaga joyida yechim topildi. Shuningdek, tadbir oldidan 1000 dan ortiq xonadonga tashrif buyurilib, kam ta’minlangan oilalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va yolg‘iz keksalarning holidan xabar olindi.
Tadbir davomida ehtiyojmand fuqarolarga eshitish moslamalari, bepul davolanish yo‘llanmalari, oziq-ovqat, dori-darmon va ro‘zg‘or buyumlari topshirildi, ishsiz fuqarolarni ish bilan ta’minlashga ham ko‘maklashildi.

Forish tumanida o‘tkazilgan sayyor qabul davomida ham fuqarolar tomonidan yo‘llarni ta’mirlash, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, bandlik va boshqa ijtimoiy masalalarga oid 26 ta murojaat qabul qilindi. Shundan 19 tasi joyida ijobiy hal etildi, qo‘shimcha o‘rganish talab etadigan masalalar esa mas’ullar nazoratiga olindi.
Ta’kidlash lozimki, partiya tomonidan tashkil etilayotgan bu kabi sayyor qabullar, uchrashuvlar aholi muammolarini joyida hal etish, yig‘ilib qolgan masalalarga amaliy yechim topish, fuqarolarni ish bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
M.Komilova, O‘zA