Sayyor qabulda fuqarolarning kadastrga oid muammolari hal bo‘ldi
Poytaxtimizda Kadastr agentligi direktori o‘rinbosari A.Abdullayev tomonidan tizim mutasaddilari ishtirokida sayyor qabul o‘tkazildi.
Aholining kadastr va yer-mulk hujjatlariga oid murojaatlarini bevosita joyida tinglash, ularning dolzarb masalalarini o‘rganish va amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida tashkil etilgan tadbirda 50 dan ortiq fuqarolar ishtirok etdi.

Qabulda poytaxtimiz tumanlaridan tashrif buyurgan fuqaro va tadbirkorlarning ko‘chmas mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish, kadastr pasportini rasmiylashtirish, mulkka egalik huquqini olish, meros hamda yerni xususiylashtirishga doir savol va muammolari tinglanib, tegishli yechim, huquqiy tushunchalar berildi.

Jumladan, qabul davomida fuqaroning murojaatlari tinglandi. Shundan 10 ta murojaat ijro uchun qabul qilindi. 2 nafar fuqaroning masalasi joyida hal etildi. Qolgan murojaatlar esa tegishli tashkilotlarga yo‘naltirildi.
Shuningdek, yig‘ilganlarga O‘zbekiston Respublikasining “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonuni bo‘yicha egalik huquqlarini e’tirof etish jarayonlari, tasdiqlangan reja-jadval asosida mahallalar hududida olib borilayotgan xatlov ishlariga ham to‘xtalib o‘tildi.

Bundan tashqari yer uchastkalaridan samarali foydalanish zarurligi, yerga oid huquqbuzarliklar uchun esa jazo muqarrarligi alohida qayd etildi.
Kadastr agentligi tomonidan sohaga oid muammolarni o‘z vaqtida aniqlash, ularni tezkor va shaffof tartibda bartaraf etish, shuningdek, davlat xizmatlaridan foydalanishda fuqarolar ishonchini oshirishda muhim ahamiyat kasb etayotgan bu kabi uchrashuvlar reja-grafik asosida doimiy ravishda o‘tkazib borilmoqda.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA