Sayyor qabul: muammo, yechim va samara
Navoiy viloyati Karmana tumani “Malik” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida sayyor qabul o‘tkazildi.
Navoiy viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i A’zamjon Sarabekov va tuman hokimi Faxriddin Samadov ishtirok etgan tadbirda aholining murojaatlari tinglandi
− Mahallamizga 2010-2011 yillarda e’tibor qaratila boshlandi. Avvallari bu yerlar cho‘l hududi bo‘lgan. Har yer, har yerida uylar qurilib, aholi o‘z holicha kun kechirgan. Elektr energiyasi, gaz, suv masalalarida muammolar ko‘p edi. Yo‘l ham yo‘q. Yog‘ingarchilik mavsumida kishi loyga botib qolardi. Bosqichma-bosqich muammolarni hal etdik. Hozirda gaz, suv, svetimiz ham bor, − deydi mahalla raisi Inobat Hamroyeva
Hududda savdo do‘koni bo‘lmagani uchun fuqarolar shu kunga qadar oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilishga qiynalishar edi. Ko‘chma do‘konlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgach, bu muammo bartaraf etildi. Ayni paytda internet aloqa va kommunal xizmatlar to‘lovi uchun sharoit yaratish zarur. “Sayyor qabul” jarayonida mazkur masalaga alohida to‘xtalib, amalga oshirilishi rejlashtirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Qabul jarayonida fuqarolarning ishsizlik, ichki yo‘llarni ta’mirlash, bolalar bog‘chasi qurish, imtiyozli kredit olish, uy-joy ta’minoti masalalarida ham murojaatlari qabul qilindi. Aholining ish stajini tiklash, nogironlikni belgilash, ta’lim krediti olish bilan bog‘liq masalalar o‘z joyida mutaxassislar tomonidan o‘rganildi.

Xosiyat Rafiqova Karmana tumani adliya bo‘limidan tanishi D.Umarovaning nogironligini belgilatish va o‘zi uchun eshitish apparati olishda yordam so‘ragan edi. Fuqaro murojaati ijobiy yechim topdi, qabul jarayonida esa unga tibbiy jihoz taqdim etildi.
“Malik” MFYning “Uzumzor” qo‘rg‘oni Karmana tumanidagi xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan M-37 yo‘lining 186 kilometri hududida joylashgan. Shu kunga qadar aholi katta yo‘ldan uyiga kirib borishi uchun 3 kilometrlik masofani bosib o‘tgan. Chunki Buxoro-Samarqand yo‘nalishida harakatlanayotgan avtotransport vositalari uchun hududga qayrilib olish joyi mahallaga borish yo‘lidan 3 kilometr uzoqlikda edi. Qolaversa, Qiziltepa-Karmana yo‘nalishida kelayotgan avtomashinalarning mahallaga kirish uchun bir yo‘ldan qarama-qarshi harakatlanishiga to‘g‘ri kelardi. Ana shunday muammomiz bo‘lgani uchun yengil avtomashinalar fuqarolarimizni manzilgacha olib kelishni istashmasdi yoki mahallagacha kirish uchun juda qimmat narx aytishardi. Shu sabab, ko‘pchiligimiz katta yo‘ldan tushib qolib ichkariga yayov kirardik. Hatto, mahallaga kirayotgan avtomashinalarning qarama-qarshi harakatlanishi natijasida avtohalokatlar ham sodir bo‘lgan. Tuman adliya boshqarmasining yordami bilan muammomiz bartaraf etildi, − deydi mahalla faxriysi Xosiyat Rafiqova
“Sayyor qabul”da fuqarolar nainki muammolari balki amalga oshirilgan xayrli ishlarni ham tilga olishdi.
Abduvali BO‘RIEV, O‘zA