Sayyohlar oqimi uch barobar oshdi
Buxoro – ertak shahar. Bu tarifni bugun nafaqat xorijliklar, balki mahalliy sayyohlar ham e’tirof etmoqda. Davlatimiz rahbarining Buxoroga tashrifi chog‘ida bergan topshiriqlari asosida bugun viloyatda turizm sohasi ulkan rivojlanish bosqichiga kirdi. Buni aniq misollarda tahlil qiladigan bo‘lsak, hozirda 15 mingdan ortiq joylashtirish o‘rinlariga ega viloyatda Qurbon hayiti sabab mehmonxonalarni band qilish ko‘rsatkichi 100 foizga yetdi. Shundan 80 foizdan ortig‘i mahalliy sayyohlar hissasiga to‘g‘ri keldi.
– Farg‘ona viloyatidan keldik, – deydi mahalliy sayyoh Umriddin Sobirov. – Hayit bayrami munosabati bilan berilgan uch kunlik dam olishdan foydalanib ko‘hna va boqiy Buxoroga keldik. Juda ham chiroyli shahar ekan, ayniqsa, buxoroliklarning mehmondo‘stligi menga juda yoqdi.
Turli mehnat jamoalari, nuroniylar, yoshlar vakillari dam olish kunlarida aynan mamlakatimizning tarixiy shaharlarini tanlashdi. Transport, mehmonxona xizmatlari, muzey va tarixiy maskanlarga kirish imtiyozlari taqdim etilgani ko‘pchilikni birdek xursand qildi.
– Nukus shahridan keldik, – deydi mahalliy sayyoh Mirat Sultanov. – Tarixiy shahar juda chiroyli ekan. Ko‘pchiligimiz birinchi marotaba kelyapmiz. Ertaknamo joy ekan.
[gallery-17910]
2023 yil yakuni bilan viloyatda 142 ta turistik tashkilotlar mavjud bo‘lsa, bugun ularning soni 170 taga yetdi. Albatta mehmonlarga sifatli xizmat, hamroh tarjimonlarning biriktirilishi ham kerakli infratuzilma shakllanayotganining amaldagi ifodasidir.
– Buxoroga ham mahalliy, ham chet ellik sayyohlarning kelishi ortib boryapti, – deydi hamroh tarjimon Navro‘z Fatullayev. – Ayniqsa, bayram munosabati bilan berilgan imtiyoz va imkoniyatlardan foydalanib kelayotgan sayyohlar juda mamnun.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, 2023 yil viloyatga 1 million 387 ming xorijiy sayyoh tashrif buyurgan. Joriy yilda 1,5 milliondan ortiq turistlarni jalb qilish rejalashtirilgan.
– Biz Italiyadan Toshkentga samolyotda keldik, – deydi italiyalik sayyoh Andrea Maketti. – Shundan so‘ng Xivani tomosha qildik. Bu qadim shahar ham bizga juda yoqdi. Taassurotlarimiz bir olam. Ayniqsa, milliy taomlari juda ma’qul bo‘ldi. Buxoroga yetib kelganimizga ko‘p bo‘lmadi. Shunga qaramay sezib turibman bizni oldinda yanada hayratlanarli maskanlar kutib turibdi. Birinchi manzilimizdayoq bunga amin bo‘lyapmiz. Hozircha xulosamiz O‘zbekistonga ko‘proq muddatga kelish kerak ekan.
Yoz oylarida ham aksariyat Yevropa davlatlari vakillari sayohat uchun O‘zbekistonni tanlamoqda. Bu yurtimizda turizmga qaratilayotgan e’tiborning yana bir isboti. Demak, xorijliklarning talabiga yarasha taklifni shakllantirish uchun yangi imkoniyatlar ishga solinadi. Tadbirkorlar manfaatdorligi oshadi, yangi ish o‘rinlari yaratilishiga asos bo‘ladi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.