Saylovda eng munosib nomzodga ovoz beraman!
Termiz shahridagi “Yoshlar markazi”da “Kelajaging uchun ovoz ber” mavzuida davra suhbati o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi, viloyat Adliya boshqarmasi vakillari hamda saylovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan yoshlar ishtirok etdi.
Davra suhbatida muhim siyosiy jarayon – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida har bir fuqaro Konstitutsiyamizda mustahkamlab qo‘yilgan huquqidan foydalanib, o‘z xohish-irodasini erkin ifoda etishi Vatanimiz kelajagi uchun alohida ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi.
Yosh saylovchilar “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi va “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlarning mazmun-mohiyati, fuqarolarning saylov qonunchiligida belgilangan konstitutsiyaviy huquqlari bilan tanishtirildi.
[gallery-3853]
– Men yaqinda 18 yoshga to‘lganim bois saylovda birinchi marta ishtirok etaman, - deydi tadbir ishtirokchilaridan biri Azamat Rahmonqulov. – Konstitutsiyamizning 117-moddasida belgilab qo‘yilgan ushbu huquqdan foydalanish men uchun ulkan sharaf. Har bir saylovchi bir ovozga ega ekanligi, ovoz berish huquqi, o‘z xohish-irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanganligi haqida bilaman. bugungi tadbirda saylov qonunchiligi to‘g‘risidagi bilimlarim yanada boyidi. Prezident saylovida eng munosib nomzodga ovoz beraman.
Tadbirda yoshlarni qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob qaytarildi hamda faol yoshlarga badiiy kitoblar taqdim etildi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA