Saylov partiyalar uchun imkoniyatdir
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga joriy yilning 27 oktyabrida o‘tadigan saylovlarda yuqori faollik ko‘rsatishni ko‘zlagan. Shu maqsadda partiyaning saylovda ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha imzo yig‘ish jarayonini boshlab yuborgan.
– Imzo yig‘ish Buxoro viloyatining barcha hududlari, 700 dan ziyod boshlang‘ich partiya tashkilotida, shuningdek, ish, xizmat, o‘qish, yashash joylarida tashkillashtirilmoqda, –deydi O‘zbekiston XDP Buxoro viloyati kengashi raisi Zulfiya Tuyeva. –Partiya shtablarida ish qizg‘in. Har qanday saylov partiyaning siyosiy maydonda qanday kuchga ega ekanini namoyon etuvchi asosiy mezon hisoblanadi.
Har bir saylov partiyalar uchun katta imkoniyatdir. Ma’lumki, har bir partiyaning o‘z elektorati bor, umumiy ma’noda partiya o‘z elektoratining manfaatlarini ifodalaydi. Ya’ni partiya fuqarolarning siyosiy irodasini ro‘yobga chiqaradigan institutdir.
[gallery-18624]
Kuni kecha O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi saylovda qatnashishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha imzo yig‘ish tadbiri Buxoro davlat pedagogika va tibbiyot institutlarida tashkillashtirildi. O‘zbekiston XDP Buxoro viloyati kengashi xodimlari fuqarolar o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borib, ularni qiziqtirgan savollariga javob berdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari