Saylov komissiyalari tuzildi
Navoiy viloyati hududiy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi o‘tkazildi. Unda Xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalarini tuzish to‘g‘risidagi masala ko‘rildi.
O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 21-moddasida okrug saylov komissiyalarini tuzish tartibiga ko‘ra, okrug saylov komissiyasi tegishli hududiy saylov komissiyasi tomonidan saylovga kamida yetmish kun qolganida komissiya raisi, rais o‘rinbosari, kotibi va komissiyaning olti - sakkiz nafar boshqa a’zolaridan iborat jamoatchilikning obro‘-e’tiborli vakillaridan tuzilishi nazarda tutilgan. Shuningdek, okrug saylov komissiyalarining a’zolari Xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlarining tavsiyasiga binoan tasdiqlanishi belgilangan.

– Hududiy saylov komissiyasiga “E-saylov” tizimi orqali Xalq deputatlari 8 ta tuman va 3 ta shahar Kengashlarining okrug saylov komissiyalari a’zolariga tavsiyalar kelib tushdi, – deydi hududiy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari Gulnoz Aslonova. – Saylov kodeksining 25-moddasi va Markaziy saylov komissiyasining 2024 yil 5 iyundagi 1336-son qarori ilovasi bilan tasdiqlangan “Okrug saylov komissiyasi to‘g‘risidagi nizom”ga ko‘ra, yigirma bir yoshga to‘lgan, o‘rta yoki oliy ma’lumotga, qoida tariqasida, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish borasida ish tajribasiga ega bo‘lgan fuqarolar okrug saylov komissiyasining a’zosi bo‘lishi mumkin. Okrug saylov komissiyasi tarkibini shakllantirishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni, shuningdek, yoshlar hamda nogironligi bo‘lgan ijtimoiy faol fuqarolarning ishtirokini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi. Okrug saylov komissiyasi a’zolari o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradi.

Okrug saylov komissiyasi a’zoligiga tavsiya etilgan nomzodlarning tarkibi tahlil etildi. Unga ko‘ra, 11 ta tuman va shahar bo‘yicha 360 nafar a’zoning 305 nafari avvalgi saylovlarda qatnashgan bo‘lsa, 55 nafari birinchi marotaba ishtirok etmoqda. Nomzodlarning 186 nafari xalq ta’limi tizimi, 101 nafari turli davlat idoralari va muassasalari, 64 nafari o‘zini o‘zi boshqarish organlari, 3 nafari nodavlat-notijorat tashkilotlar xodimlari, 1 nafari jamoat tashkiloti va 5 nafari boshqa nodavlat faoliyat sohasi vakillaridan iborat. Ularning 180 nafar ni xotin-qizlar tashkil etmoqda.
Komissiya a’zoligiga nomzodlarning 309 nafari oliy va 51 nafari o‘rta maxsus ma’lumotli bo‘lib, pedagoglar 217, iqtisodchilar 29, huquqshunoslar 22, muhandislar 23, shifokorlar 18 va boshqa kasb egalari 51 nafarni tashkil etadi.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri