Saylash va tanlash huquqi – sizning qo‘lingizda
Mamlakatimiz hayotiga daxldor muhim siyosiy jarayon arafasida turli loyihalar bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlari yanada jadal tus olmoqda.
Bunday tadbirlar keng jamoatchilik faolligi va ularning huquqiy ko‘nikmalarini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu borada Navoiy kon-metallurgiya kombinati tomonidan ham qator ishlar olib borilmoqda. Kuni kecha “NKMK tarixi” muzeyida “Saylash va tanlash huquqi – sizning qo‘lingizda!” mavzusida navbatdagi targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda kombinat faol yoshlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi a’zosi Sh.Jo‘rayev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 5-Navoiy okrug saylov komissiyasi a’zosi X.Raupov, okrug saylov komissiyasi matbuot markazi rahbari T.Eshboyevlar tadbirda chiqish qilib, siyosiy jarayonning borishi, saylov qonunchiligi, saylov va saylash huquqi bo‘yicha tushuntirishlar berdi.

– bugungi kunda kombinatimizda 15 mingdan ortiq yosh saylovchilar faoliyat yuritmoqda. Hayotimizdagi eng muhim siyosiy jarayonlardan biri bo‘lgan saylovda yoshlarni faol ishtirokini ta’minlash, ularning konstitutsiyaviy huquqlari va fuqarolik burchi ekanligini tushuntirish maqsadida kombinat bo‘linmalarida okrug va uchastkalar bilan hamkorlikda keng ko‘lamli targ‘ibot tadbirlarini boshlab yuborganmiz. bugungi tadbir ham ularning uzviy davomidir. Yoshlar ichida ilk bor saylovda ishtirok etish va saylash huquqiga ega bo‘lgan 1-gidrometallurgiya zavodi yoshlari ham ishtirok etdi. O‘ylaymanki, ular ushbu jarayon bilan bog‘liq o‘zlarini qiziqtirgan savollarga to‘liq javob oldi, – deydi NKMK yoshlar yetakchilari Kengashi raisi S.Rajabov.
NKMK Matbuot markazi
O‘zA