Sayfiddin Jo‘rayev: Markaziy Osiyo – Janubiy Koreya hamkorligi yangi sifat bosqichiga ko‘tarilishi kutilmoqda
Bugun global siyosiy va iqtisodiy jarayonlarda mintaqaviy hamkorlik formatlarining ahamiyati tobora ortib bormoqda. Bu jarayonda Markaziy Osiyo ham o‘zining iqtisodiy salohiyati, transport imkoniyatlari, sanoat va texnologik taraqqiyoti bilan xalqaro jamoatchilik e’tiborini tortayotgan muhim mintaqaga aylanmoqda.
O‘zA “Dunyoga nazar” tahliliy dasturida siyosiy fanlar doktori, professor Sayfiddin Jo‘rayev “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” hamkorlik formati va uning istiqbollari xususida qisqacha fikr bildirdi.
– Avvalo aytish kerakki, mintaqamiz va Janubiy Koreya o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga chiqishi kutilmoqda. Xalqaro ekspertlar fikricha, endilikda “Markaziy Osiyo – Koreya” formatini yanada takomillashtirish va uning amaliy mexanizmlarini rivojlantirish zarurati yuzaga kelmoqda.
Buning o‘ziga xos sabablari bor, albatta. Bugun Markaziy Osiyoda iqtisodiyot, transport, madaniy-gumanitar aloqalar, sanoat va texnologiyalar sohasida davlatlarni bir-biriga bog‘lab turuvchi yangi mushtaraklik shakllanmoqda. Bu jarayon Koreya Respublikasi uchun ham muhim ahamiyatga ega. Chunki mintaqa bilan yagona formatda yo‘lga qo‘yiladigan kelishuv va tashabbuslar Markaziy Osiyoning besh davlati manfaatlarini qamrab olish imkonini beradi.
Iqtisodiyot, transport, sanoat, texnologiya va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni shu asosda rivojlantirish tomonlar uchun ham samarali bo‘ladi. O‘ylaymanki, Markaziy Osiyo – Janubiy Koreya munosabatlari yangi sifat bosqichiga ko‘tarilib, bu holat strategik hamkorlikning yangi qirralarini ochish va uzoq muddatli sheriklikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Ushbu intervyuni O‘zAning “YouTube” kanalida ko‘rishingiz mumkin.
O‘.Alimov, I.Ismatov (videomuhandis),
O‘zA