Saxovat va ijtimoiy himoya bir manzilda
-
Qaror va ijro
Shu kunlarda muborak Ramazon fayzi va shukuhi yurtimizda kezib yuribdi. Bu oyni munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida Prezidentimizning 2026-yil 17-fevraldagi qarori qabul qilindi. Xususan, joylarda “Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” degan ezgu g‘oyaga mos sa’y-harakatlar qilinyapti.
Toshkent viloyatida ham og‘ir ahvoldagi, yordamga muhtoj fuqarolarga "Vaqf" xayriya jamoat fondi tomonidan maxsus vaucherlar yetkazilmoqda. Mas’ullar tomonidan muloqotlar davomida bemorlar va ularning yaqinlariga davlatimiz tomonidan yaratilayotgan qulayliklar, vaucher asosida ajratilgan mablag‘lar asosida davolanish imkoniyatlari va qo‘shimcha ko‘maklar haqida batafsil tushuntirishlar berilyapti.

Jumladan, Ohangaron shahrida 3 nafar ijtimoiy reyestrga kiritilgan fuqaroga vaucher tarqatildi. Bu hududdagi “Bo‘ston” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaro Xurshid Bo‘tayev ikkinchi guruh nogironi bo‘lib, o‘zi mustaqil yurolmaydi. U kambag‘al oila reyestriga qo‘yilgan. Mazkur mahallaga biriktirilgan ijtimoiy xodim Hulkar Ashirova bu oiladan har doim xabar olib, o‘z yordamini yerib boradi.

– O‘tgan davrda bu fuqaroga nogironlik aravachasi berildi, farzandlariga esa nafaqa tayinlandi. O‘tgan davrda uning xonadoni hudud mas’ullari tomonidan qayta ta’mirlandi, salomatligini tiklash uchun bepul bir necha bor oyoqlarida jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Bu fuqaroning navbatdagi operatsiyasi uchun ham 38 millionga yaqin pul kerak edi. Shu tufayli mavjud sharoiti hisobga olinib, unga ham "Vaqf" xayriya jamoat fondidan 40 million so‘mlik vaucher berildi. Ko‘rsatilgan bu e’tibor va g‘amxo‘rlikdan X.Bo‘tayev va uning yaqinlari xursand bo‘ldi, – deydi “Bo‘ston” MFY ijtimoiy xodimi X.Ashirova.
Umuman olganda, Ramazon oyida amalga oshirilayotgan bunday ezgu tashabbuslar jamiyatda ijtimoiy birdamlik, hamjihatlik va insonparvarlik qadriyatlarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
A.Musayev.O‘zA