Savdo yarmarkalari ish boshladi
Eng ulug‘ bayramimiz arafasida Surxondaryo viloyatidagi dehqon bozorlarida arzonlashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari savdo yarmarkalari tashkil etildi.
Yarmarkalarda dehqon, chorvador va bog‘bonlar yetishtirgan sifatli, sarxil mevalar, sabzavot, poliz, asal, sut, tuxum, go‘sht kabi 50 dan ortiq turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bozordagidan arzon narxlarda xaridorlarga taqdim etilmoqda.

Hamyonbop narxdagi sifatli oziq-ovqat mahsulotlari aholiga qulaylik yaratib, odamlarning bayram kayfiyatini ko‘tarishga xizmat qilmoqda.

Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Angor tumanida bo‘lib, dehqon (oziq-ovqat) bozorida mustaqillik bayrami munosabati bilan tashkil etilgan, arzonlashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari rastalarini ko‘zdan kechirdi. Tuman dehqonlari, chorvador va bog‘bonlari yetishtirgan, tadbirkorlar ishlab chiqargan qulay narxlardagi sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan tanishdi. Sotuvchi va xaridorlar bilan suhbatlashdi. Mahsulotlarning narxi, sifati va yarmarkada xaridorlarga yaratilgan qulayliklar o‘rganildi. Mutasaddilarga bayram kunlari uchun yarmarkada yetarli mahsulot zaxirasini shakllantirish, narx-navo barqarorligini taminlash, aholi ehtiyojini inobatga olib, kunlik savdoni tashkil etish, sanitariya qoidalariga qat’iy rioya etish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab berildi.

Viloyatning boshqa tuman markazlarida ish boshlagan yarmarkalarda ham arzonlashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri
0