Sarsonlik – sargardonlik...
Inson hayoti o‘zi istaganday kechmasligiga doim ham ko‘navermaydi. Tirikchilikning o‘ziga xos tashvishi, quvonch-u iztirobi istalmagan, kutilmagan o‘zanlarga boshlaganini sezmay qolasan, kishi. Beixtiyor, turmushning og‘rig‘i, azobiga ham ko‘nikasan. Ba’zan chora istab izlanasan, mashaqqat bilan yetganing sarobga o‘xshaydi. Ko‘nikish hissi iskanjasida yashay boshlaysan. Ayniqsa, ko‘chib yashash “ta’mi”ni tatiganlarga oson emas...
Axborot texnologiyasi rivojlangani sayin dunyoning sir-asrori qolmadi, hisob. Hozir voqea-hodisa lahzada tarqaladi. Hatto, o‘ta sirli fitna-fujur, yaxshilik va yomonlik hali libosini yechmay, oshkor bo‘lmoqdaki, bunday hol xabardorlik ehtiyojini oshirmoqda. Bugun hamma joyda o‘qish, ko‘rish imkoni bor.
Ixtiyoriy yoki majburiy ko‘chish, urush, ocharchilik dunyoning turli mintaqalaridagi xalqlarni, etnik ozchilikni jon saqlash uchun farovon, tinchlik barqaror yurtlarga qochishga majbur qilmoqda. Ayniqsa manfaat to‘qnashgan manzildagi bezovtalik odamlarni sarson- sargardon qilib qo‘yadi.
Shunday payt “Yo‘l azobi – go‘r azobi” degan gap yodga tushadi.
Ba’zida yo‘qchilik, yetishmovchilik kishini boshqa yurtda sarson bo‘lib ishlash, yashashga majbur qiladi. Shu dard bilan izlanayotganlar umumiy nom bilan “migrantlar” deyiladi. Ularning soni uch yuz millionga yetib qoldi-ki, dunyoning tinchligi qush uyasiday omonatligini ko‘rsatdi.
Migratsiya deganda uzoq-yaqinda ishlaydigan yoki ko‘chib yurgan insonlar tushuniladi. Afrikadagi ocharchilik, urushlar, Yaqin Sharqdagi murosasiz kelishmovchilik ilm-fan, hayot o‘ta rivojlangan bir davrda ro‘y bermoqda. Bugun odamlar jon saqlash ilinjida hayotini xatarga qo‘yib qochqinga, muhojirga aylanmoqda. Texnologiya rivojlangani sari insoniyat muammo girdobiga tobora chuqur kirib borayotgandek. Kimdir och, yupun holatda jon saqlash uchun najot izlayapti. Boshqa birovning milliardlari qadrini yo‘qotmoqda. Dunyo sog‘lom fikrli jamiyatga tashna.
Hozir Afrika, Yaqin Sharq va boshqa mintaqalardan ko‘chayotgan, qochayotganlarning yagona ilinji jon saqlash va tinchlikda yashash istagidir. Keling, raqamlarga murojaat qilamiz.
BMT ma’lumotiga ko‘ra, hozir yer yuzi bo‘ylab taxminan 281 million xalqaro muhojir bor. Bu dunyo aholisining 3,6 foizi. So‘nggi yillarda son va ko‘lam keskin oshgan. 2020-yil dunyoda 1990-yilga nisbatan 128 million, 1970-yilga nisbatan esa uch barobar ko‘p muhojir qayd qilingan.
Oxirgi o‘n yillikda migrantlar uchun eng jozibador davlatlar Amerika Qo‘shma Shtatlari va Germaniya bo‘ldi. 1970-yil AQSHda 12 million xorijlik bor edi, bugun ularning soni 51 milliondan ortgan. Germaniyada esa faqat oxirgi 10 yilda xalqaro migrantlar soni 8,9 milliondan 16 millionga yetdi.
Fransiya, Rossiya, Birlashgan Arab Amirliklari va Saudiya Arabistoni ham muhojirlar uchun jozibador davlatlar hisoblanadi. BAAda aholining 88 foizini chet ellik mehnat muhojirlari tashkil qiladi.
Umuman, dunyo aholisining 60 foizdan ortig‘i ish va yaxshi hayot izlab Yevropa yoki Osiyoga boradi. Ko‘hna qit’ada 87 million xorijlik ishchi yashaydi, Osiyoda esa 86 million. Keyingi o‘rinni egallagan Shimoliy Amerikada 59 million xalqaro muhojir ishlaydi. Bu jahon migratsiya oqimining 21 foizini tashkil qiladi. Muhojirlarning 9 foizi Afrikada, 3 foizi Okeaniyada.
Muhojirlarning 40 foizi Osiyoning aholisi eng ko‘p davlatlariga to‘g‘ri keladi: Hindiston, Xitoy, Bangladesh, Pokiston, Filippin va Afg‘oniston. Dunyo miqyosida esa Hindiston birinchi, Meksika ikkinchi, Rossiya uchinchi o‘rinda.
Ma’lumotga ko‘ra, bugungi kunda yer yuzi bo‘ylab 70 million odam majburiy ko‘chirilgan. Shundan 26 millioni qochqin, 3,5 millioni boshpana izlovchi, 41 milliondan ziyodi ichki ko‘chirilganlar.
Migrantlarning 48 foizi ayol, 38 millionga yaqini bola, 4,4 million nafari talaba, 164 millioni mehnat muhojiri. 75 foizi mehnatga layoqatli yoshda (20-64 yosh). Ularning 31 foizi Osiyoda, 30 foizi Yevropada, 26 foizi Amerikada, 10 foizi Afrikada va 3 foizi Okeaniyada yashaydi.
O‘rni kelganda aytish joiz: 2019-yil uzoq-yaqin xorijda mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik migrantlar soni 2 million 600 nafarni tashkil qilgan. Norasmiy ma’lumotlarda esa ayni raqam ancha yuqoriligi aytiladi. O‘zbek muhojirlarining aksari Rossiya, Turkiya va Janubiy Koreyada.
Ma’lumki, 2016-yil sentabr oyida BMT migrantlar va qochqinlar masalasi bo‘yicha ilk bor umumjahon deklaratsiyasini qabul qildi. “Nyu-York deklaratsiyasi” nomli ushbu hujjat migrantlar va qochqinlarga nisbatan inson huquqini himoya qilish, javobgarlik burchi barcha uchun bir xil bo‘lishi, hayot har narsadan ustun qo‘yilishi kabi me’yorlardan foydalanishga da’vat etadi.
O‘zbekiston Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT)ga 2018-yil 27-noyabrda a’zo bo‘lgan. O‘sha yili XMT hamkorligida Samarqandda migratsiya bo‘yicha yangi markaz ham ochildi. 2020-yil O‘zbekiston Respublikasi hukumati bilan XMT o‘rtasida Hamkorlik bitimi imzolandi. Shundan buyon mamlakatimizning mazkur tuzilma bilan faol aloqalari izchil rivojlanmoqda.
Bugungi kunda dunyo aholisining qariyb 4 foizini migrantlar tashkil qiladi. Farovon mamlakatlarga ko‘chish nechog‘li murakkab bo‘lmasin, qochqinlar kamaymayapti. Inson umri qisqa. Hayot esa quvonch-u tashvish ichra kechadi. Har qalay, “O‘z uying – o‘lan to‘shaging” bo‘lgani yaxshida!
Abdug‘afur Mamatov, O‘zA