Sardobalik bolajonlarga bayram tuhfasi
1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni
Sirdaryo viloyatining eng chekka hududi Sardoba tumanida 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan 6 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat boshladi.
Tuman maktabgacha ta’lim tasarrufida 2020 yil yakunida 14 ta davlat va 48 ta oilaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat yuritib, ularga tumandagi jami 5 ming 571 nafar 3-7 yoshli bolalarning 3 ming 997 nafari qamrab olingan bo‘lib, bu 71,7 foizni tashkil etar edi.
Joriy yil boshidan bugungi kungacha Zomin va Bo‘ston mahalla fuqarolar yig‘inlarida o‘qitishning muqobil shakllaridan «Aqlvoy» mobil bog‘chaga 96 nafar va 12 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga 300 nafar hududdagi 3-7 yoshli bolajonlar qamrab olinishi evaziga 4 ming 393 nafar bola qamroviga erishildi va bolalarni qamrab olish darajasi 78,8 foizgacha o‘sdi.

Aynan bugun – bolajonlar bayrami kuni tumandagi Navro‘z MFYda yakka tartibdagi tadbirkorlar Barno Muhammadiyeva, Paxtakor MFYda Elyorjon To‘rayev, Yangiqishloq mahallasida Abdusamat Isroilov, Aynura Boyqulova, Birlashgan MFYda Iqbol Absalimova va Sayyora Abduraimova tomonidan ochilgan davlat xususiy sherikchiligi asosidagi oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari ham faoliyat boshladi.

Sardobalik bolajonlarga bayram tuhfasi sifatida foydalanishga topshirilgan ushbu MTTlarning ochilish marosimlarida Milliy gvardiya Sirdaryo viloyati qo‘riqlash boshqarmasi boshlig‘i I.Erbo‘tayev hamda Sardoba tuman hokimi A.Xidirov va sektorlar, mutasaddi tashkilotlar rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Bolajonlarning eng yorqin bayrami sharafiga joylarda uyushtirilgan tadbirlarda kelajagimiz egalariga sovg‘a-salomlar ulashilib, konsert dasturlari namoyish etildi.

Bayram mehmonlari – bolajonlarni muzqaymoq va yaxna ichimliklar bilan siylashdi.
A.Qayumov,
F.Toshmatov (surat) O‘zA