Sardobada tibbiy ko‘rik tashkil etildi
Davlatimiz rahbari topshirig‘iga binoan, Oqqo‘rg‘on tajribasi asosida, Sirdaryo viloyatida og‘ir hudud toifasiga kirgan Sardoba tuman aholisining ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi muammolarini vazirlik, hokimlik, sektor rahbarlari, mutaxassislar tomonidan “mahallabay” o‘rganish ishlari davom etmoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligi davolash profilaktika yordamini tashkillashtirish boshqarmasi boshlig‘i Umidilla Risqiyev boshchiligidagi tibbiyot tizimi xodimlari Sardobada istiqomat qilayotgan, sog‘ligida muammosi bor, ijtimoiy ahvoli og‘ir, "Temir daftar", "Ayollar daftari", "Yoshlar daftari"ga kiritilgan fuqarolar salomatligini o‘rganish va ularga amaliy yordam berish maqsadida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etdi.

Tumandagi 15 ta mahallada istiqomat qiluvchi 1236 nafar fuqaro tibbiy ko‘rik jarayonlariga qamrab olindi. Shu bilan birga, tumandagi “Zomin” “Rovot”, “Bo‘ston”, “Birlashgan”, “Paxtakor”, “Birlik”, “Otayurt”, “Do‘stlik”, “Yangiqishloq”, “Xalqobod”, “Yurtdosh” MFY hududida yashovchi fuqarolar uchun “xonadonbay” tibbiy ko‘riklar tashkil etilib, salomatligi bilan bog‘liq muammolar o‘rganib chiqildi.

Natijada sog‘ligida jiddiy muammosi bor, ijtimoiy ahvoli og‘ir bo‘lgan fuqarolardan 7 nafari tuman tibbiyot birlashmasining davolash profilaktika bo‘limiga shoshilinch yotqizildi, ularga intensiv davo muolajalari buyurildi, zarur dori vositalari bilan ta’minlandi. 7 nafar bemor Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy amaliy tibbiyot markazlarining Sirdaryo viloyat filiallariga imtiyozli yo‘llanma asosida yo‘naltirildi va viloyat davolash profilaktika muassasalariga davolanish uchun yotqizildi. Ular uchun ketadigan xarajat davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladigan bo‘ldi.

Shu bilan birga, surunkali va yuqumli bo‘lmagan kasalliklari bois uyda yotib qolgan 20 nafar fuqaroning salomatlik ko‘rsatkichi chuqurlashtirilgan holda o‘rganildi. Ularga malakali va yetakchi mutaxassislarning konsultativ maslahatiga asosan bepul dori-darmon vositalari yetkazib berildi.
Sardobada boshlangan "Inson qadri uchun" ezgu tamoyili asosidagi “mahallabay” o‘rganish tadbirlari aholining og‘irini yengil qilibgina qolmay, ularning hayotdan va jamiyatdan rozi bo‘lib yashashlarida muhim ahamiyat kasb etadi.

Shuhrat Suyarov, O‘zA