Sara urug‘ – mo‘l hosil garovi
Qashqadaryo viloyatida 515 ming gektar sug‘oriladigan maydonda g‘alla, paxta, sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlari yetishtirilmoqda. Mamlakatimizda yetishtiriladigan g‘allaning 12 foizi ushbu hudud ulushiga to‘g‘ri kelayotgani viloyat g‘allakorlarining samarali mehnati samarasidir.
Qashqadaryo viloyatida 515 ming gektar sug‘oriladigan maydonda g‘alla, paxta, sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlari yetishtirilmoqda. Mamlakatimizda yetishtiriladigan g‘allaning 12 foizi ushbu hudud ulushiga to‘g‘ri kelayotgani viloyat g‘allakorlarining samarali mehnati samarasidir.Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning tashabbusi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 16-sentabrdagi “Qashqadaryo viloyatida g‘allachilik va paxtachilikning ilmiy bazasini yanada mustahkamlash va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan viloyatda Qashqadaryo boshoqli don ekinlari seleksiyasi va urug‘chiligi ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilgan. Birinchi Prezidentimizning 2014-yil 10-fevraldagi “O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq mazkur muassasa ayni paytda Don va dukkakli don ekinlari ilmiy-tadqiqot instituti Qashqadaryo viloyati filiali sifatida faoliyat yuritmoqda.
Filialning donli ekinlar seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnikasi, fiziologiya va donning sifat ko‘rsatkichlarini baholash, o‘simliklarni himoya qilish, agrokimyo va agrotexnika laboratoriyalari zamonaviy texnik jihozlar bilan ta’minlangan. Bu yerda Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlarida yagona bo‘lgan zang kasalliklarini tahlil qilish laboratoriyasi faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan. Zamonaviy sovitish moslamalari, zang sporalarini saqlash qurilmalari bilan ta’minlangan laboratoriyada yaratilayotgan nav va liniyalar sun’iy inokulyatsiya qilinib, kasalliklarga chidamliligi o‘rganilmoqda.
2014-yilda filialning Agrokimyo va tuproqshunoslik laboratoriyasi to‘la quvvat bilan ishlay boshladi. Bu yerda tuproq, suv, o‘simlik va mikroelementlar tahlil etiladi.
– Yosh olimlarimizning malaka va tajribasini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi filial direktori Oybek Omonov. – Ayni paytga qadar ular mutaxassisligi bo‘yicha AQSh, Germaniya, Avstraliya, Meksika, Bolgariya, Hindiston va boshqa ko‘plab davlatlarda xalqaro o‘quv kurslarida malaka oshirib qaytdi. Boshoqli don ekinlari seleksiyasiga ixtisoslashgan xalqaro ilmiy markazlar bilan ham mustahkam hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan. Meksikaning CIMMYT xalqaro ilmiy markazi bilan “Suv bilan to‘liq ta’minlangan yerlar uchun bug‘doy navlarini yaratish”, Avstraliyaning Sidney universiteti bilan “Zang kasalliklariga chidamli bug‘doy navlarini yaratish”, Germaniyaning Bonn universiteti bilan “Sho‘rga chidamli bug‘doy navlarini yaratish” mavzularida o‘zaro seleksiya yutuqlari va manbalarini almashish, ta’minlash, yosh mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha hamkorlik qilinmoqda.
Filial olimlari ilmiy muassasalar, xususan, Genomika va bioinformatika markazi, Samarqand qishloq xo‘jalik instituti, Don va dukkakli don ekinlari ilmiy-tadqiqot instituti G‘allaorol, Xorazm, Farg‘ona ilmiy-tajriba stansiyalari, Qoraqalpog‘iston dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari bilan hamkorlikda fundamental va ilmiy-amaliy loyihalarni amalga oshirmoqda. G‘allachilikdagi eng dolzarb, issiqlik, qurg‘oqchilik, garmsel, sho‘r, sovuq, turli zamburug‘ (sariq va qo‘ng‘ir zang) kasalliklari muammolarini hal etish, seleksiya bosqichlarini qisqartirish yo‘nalishlarida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar yuksak samaralar berayotir.
– Amalga oshirilgan ilmiy tadqiqotlar natijasida kuzgi va bahorgi yumshoq hamda qattiq bug‘doy, arpa navlari yaratildi, – deydi filial ilmiy kotibi G‘ulom Uzoqov. – Bugungi kunda filial olimlari tomonidan yaratilgan kuzgi yumshoq bug‘doyning “Jayxun”, “Turkiston”, “Yaksart”, “Hazrati Bashir”, “Elomon”, “G‘ozg‘on”, “Hisorak”, “Bunyodkor”, qattiq bug‘doyning “Mingchinor” navlari davlat reyestriga kiritilib, keng maydonlarda ekilmoqda. Kuzgi yumshoq bug‘doyning “Farovon”, “Barhayot”, “Shams” navlari, qattiq bug‘doyning “Langar” navi, bahorgi yumshoq bug‘doyning “Janub gavhari” navi, arpaning “Voha” navi Davlat nav sinash komissiyasida sinovdan o‘tkazilayotir. Yaratilgan navlarning birlamchi urug‘chiligi tashkil etilib, sara urug‘ yetkazib berilyapti. Bu yangi navlar yurtimizning barcha hududlarida sug‘oriladigan maydonlarda yetishtirilmoqda.
Yangi navlarning issiqlik va qurg‘oqchilikka, sho‘rga va turli zang kasalliklariga chidamliligi, hosildorligi va don sifati yuqoriligi fermerlarimizga manzur bo‘lmoqda. Ular tuproq sharoiti, suv ta’minotini hisobga olgan holda shu sharoitga mos navlarni tanlab ekmoqda. Buning natijasida yuqori hosil, sifatli don yetishtirishga erishilayotir.
– Xo‘jaligimizda 2011-yildan buyon kuzgi bug‘doyning “Yaksart” navini ekamiz, – deydi Qarshi tumanidagi “Choriyev Mardon Nomozovich” fermer xo‘jaligi rahbari Mardon Choriyev. – Joriy yilda gektaridan 70 sentnerdan oshirib hosil oldik va davlatga don sotish shartnomaviy rejasini 114 foizga bajardik. Mo‘l hosil – mo‘may daromad degani. Shuning ortidan iqtisodimiz yaxshilanib, turmushimiz farovonlashib bormoqda. Olingan foydadan namunaviy loyihadagi uy, chopiq traktori va “Nexia” mashinasi sotib olganmiz. Mana, olti yildirki, filial olimlari bilan hamkorlikda ishlaymiz. Natijalar ko‘ngildagidek. Bundan xo‘jaligimiz ishchilari ham mamnun.
Kasbi tumani viloyatning boshqa hududlariga nisbatan tuproq-iqlim sharoiti bilan keskin farq qiladi.
– Xo‘jaligimiz g‘allachilik va paxtachilikka ixtisoslashgan, – deydi ushbu tumandagi “Erkin” fermer xo‘jaligi rahbari Mirzohid Soriyev. – Yillar davomida ko‘plab bug‘doy navlarini ekib ko‘rdik, lekin zang kasali tufayli ko‘ngildagidek hosil ololmadik. Keyingi yillarda filialda yaratilgan “G‘ozg‘on” navini ekayapmiz. Bu nav bizning sharoitimizga mos ekan. Zang kasalligiga chidamli. Shu navni eka boshlaganimizdan buyon kasalliklarga qarshi ishlatadigan sarf-xarajatlar tejalmoqda va hosildorlik ham yuqori bo‘layotir.
O‘tgan yillarda filial ilmiy xodimlarining xorijiy va mahalliy nashrlar va to‘plamlarda 20 ga yaqin ilmiy maqolalari chop etildi. “Qashqadaryo viloyati sharoitida boshoqli don ekinlaridan keyin takroriy ekin yetishtirish agrotexnikasi” mavzusi bo‘yicha tavsiyalar, “G‘alla maydonlariga zarar yetkazadigan zararli xasva va uning zarari, miqdorini aniqlash hamda unga qarshi kurashish”, “Boshoqli don ekinlari maydonlarini mineral va organik o‘g‘itlar bilan oziqlantirish” mavzularida qo‘llanmalar tayyorlandi.
Filial olimlari g‘allaning yangi navlarini yaratish, nav agrotexnikasi, g‘alla yetishtirishda mineral o‘g‘itlarni qo‘llash, kasallik va zararkunandalarga qarshi ishlash borasida uslubiy qo‘llanmalar, yo‘riqnoma va tavsiyalar yozmoqda. Joriy yilda ular yaratgan kuzgi yumshoq bug‘doyning lalmi yerlarga mo‘ljallangan ikkita, sug‘oriladigan maydonlar uchun bitta va arpaning bitta yangi navi sinovdan o‘tkazishga tayyorlab qo‘yildi.
Muxtasar aytganda, bugun mahalliy tuproq-iqlim sharoitiga mos, turli kasalliklar, suvsizlik va qurg‘oqchilikka chidamli, ertapishar mahalliy navlarni ko‘paytirish, hosildorlikni yanada oshirishga erishish Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti Qashqadaryo filiali ilmiy xodimlarining asosiy maqsadidir.