Sanoat: 31 yillik natijalar ko‘lami
Sanoat — mamlakat milliy iqtisodiyotining eng muhim, mahsulot ishlab chiqarish sohasidagi asosiy tarmoqlaridan biridir. Uning rivojlanishi milliy iqtisodiyotning barqaror sur’atlarda taraqqiy etishiga xizmat qiladi. Mustaqillik yillarida ushbu yo‘nalishda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, qator ijobiy natijalarga erishildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi hamda Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti hamkorligida «Mustaqillikning 31 yilligi: sanoat sohasida erishilgan yutuqlar» mavzusida o‘tkazilgan davra suhbatida istiqlol yillarida sanoat sohasida erishilgan yutuqlar haqida so‘z yuritildi.

— Sanoat sohasi barcha iqtisodiyot tarmoqlarini jadal rivojlantirishga xizmat qiladi, — dedi quyi palataning Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farhod Zayniyev. — Shu bois ushbu soha rivojiga alohida e’tibor qaratilib, yuqori texnologiyali zavodlar, texnoparklar, ishlab chiqarish korxonalari tashkil etildi. Aholi farovonligi, iqtisodiyotimiz barqarorligini ta’minlashga qaratilgan yirik loyihalar amalga oshirilayapti. Sanoat va ishlab chiqarish sohalarida yangi, davlat-xususiy sherikchilik tizimi yaratilishi, geologiya va bazaviy tarmoqlarning mutlaqo yangi samarali mexanizmlari ishlab chiqilishi ham mustaqillik, ayniqsa, oxirgi besh-olti yilda Prezidentimiz rahbarligida sohada olib borilgan izchil islohotlar natijasidir, — dedi deputat.

Tadbirda sanoat sohasida erishilgan yutuq va natijalar xususida so‘z borar ekan, Navoiy viloyatida ilk bor quyosh energiyasi asosida ishlaydigan elektr stansiyasi ishga tushgani, Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida qisqa vaqtda gigant korxona –– sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqaradigan “Uzbekistan GTL” zavodi qad rostlagani haqida alohida to‘xtalib o‘tildi. Mazkur amaliy natijalar ko‘plab mutaxassislarning yuqori daromad va doimiy ish o‘rniga ega bo‘lishiga zamin bo‘layotgani e’tirof etildi.
Shuningdek, tadbirda sanoat sohasini rivojlantirishga oid huquqiy asoslar borasida ham ma’lumotlar berildi. Jumladan, «Energiyadan oqilona foydalanish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi, «O‘zbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida»gi, «Transport to‘g‘risida»gi, «Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar to‘g‘risida»gi hamda «Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimi takomillashtirilayotganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunlar soha rivojiga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Muhtarama Komilova, O‘zA