“Sangardak” turizm markazida yangi inshootlar ishga tushdi
Surxondaryo viloyatidagi “Sangardak” turizm markazida 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga yangi turizm va oilaviy dam olish maskanlari foydalanishga topshirildi.
Sariosiyo tumanining xushmanzara tog‘lari qo‘ynidagi so‘lim qishloqda turistlar uchun ziplayn attraksioni, ko‘l bo‘ylab qayiq sayri xizmati, tog‘ halinchagi, zamonaviy dam olish va shale tipidagi uylar, “Uzbur” nomli restoran ish boshladi.

Ayni paytda dengiz sathidan uch ming metr balandlikda joylashgan “Sangardak” sharsharasi bilan ham tanilgan qishloqning 615 gektar yer maydonida zamonaviy turizm majmuasi bunyod etilmoqda. Bu loyihalarning barpo etilishi hududning turizm salohiyatini yanada oshirib, mahalliy va xorijlik sayyohlar qulay dam olish sharoitlarini yaratishga xizmat qiladi.



Tadbir doirasida bolajonlar uchun turli ko‘ngilochar o‘yinlar tashkil etildi. Bayram sovg‘alari topshirildi. Qiziqarli sahna chiqishlari va konsert dasturlari barchaga bir olam quvonch ulashdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri