San’atkorning o‘lmas mahorat maktabi
Mamlakatimiz bo‘ylab atoqli san’atkor Botir Zokirov tavalludining 85 yilligi keng nishonlanmoqda.
Nomdor san’atkorlar oilasidagi to‘ng‘ich farzand bo‘lgan Botir aka 1936 yili 26 aprel kuni dunyoga kelgan. O‘zbek san’atkorini nainki mamlakatimizda, balki xorijda ham alohida hurmat va ehtirom bilan xotirlaydilar.
Musiqashunoslarning fikricha, tabiat uni serqirra iqtidor ila siylab, eng yorqin qirralarni – noyob ovozni taqdim etgan. U opera ariyalari, o‘zbek xalq qo‘shiqlari, zamonaviy kompozitorlarining qo‘shiqlariyu xorij shlyagerlarini maromiga yetkazib, bor ovoz salohiyati, ijodiy imkoniyatini ishga solib kuylagan san’atkor edi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, uning ovozi radio va televideniye orqali jaranglagan. Konsertlari san’at ixlosmandlari orasida katta shov-shuvga sabab bo‘lgan. Yakkaxon konsertlarida ortiqcha qadam bosishga joy bo‘lmagan ekan.
Manbalarga ko‘ra, xonandaning boy repertuari ham hayratlanarli bo‘lgan. Ushbu repertuardan mohirona ijrodagi o‘zbekcha qo‘shiqlar bilan birga dunyoning ko‘plab xalqlari qo‘shiqlari o‘rin olgan. To‘g‘risi, hozirgacha hech kim uning go‘zal va ifodali ijrosi bilan raqobatlasha olmaydi. Birgina misrlik aktyor, xonanda va kompozitor Farid al-Atrashning hozirgacha qo‘shiqsevarlar orasida "Arab tangosi" nomi bilan mashhur bo‘lgan ( aslida "Orzularim mash’ali" ) qo‘shig‘ida qancha sehr, joziba, tinglovchini o‘ziga rom etuvchi ohanrabosi bor! Bu qo‘shiq Botir akani ko‘p mamlakatlarda mashhur qilgan va umrining oxirigacha xonandaning "tashrif qog‘ozi" bo‘lgan ekan. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov farmoni bilan Botir Zokirov "Buyuk xizmatlari uchun" ordeniga munosib ko‘rilgandi.
Botir akaning 85 yilligi nishonlanayotgan shunday qutlug‘ kunlarda uning navqiron yoshida jahoniy shuhrat qozongani, O‘zbekiston xalq artisti degan yuksak nomga munosib topilganiyu, o‘zbek xonandasining Parijdagi "Olimpiya" konsert zalida o‘z ijrosi bilan barchani hayratga solgani, og‘ir ahvoliga qaramay san’atga bo‘lgan mehri va sadoqati haqida ko‘p gapirilmoqda. Uchrashuvlar, musiqiy oqshomlar o‘tkazilmoqda. San’atkor haqida yorqin xotiralar yodga olinmoqda. Kitoblar, hujjatli kartinalar taqdim etilmoqda. Bunday tadbirlar yil davomida davom etadi hali.
Mohir san’atkor tavalludining 85 yilligini nishonlashga oid tashabbus shunchaki yirik sanani nishonlashga doir g‘oya emas! Yurtboshimiz bir necha yillar avval ijodkor ziyolilar bilan uchrashuv chog‘ida estradamizning achinarli holati, qo‘shiqchi yoshlarning yengil-yelpi shuhratga o‘chligi, san’atga haminqadar munosabati xususida kuyunib gapirganlari sira yodimdan ketmaydi. O‘shanda zalda o‘tirganlarning ayrimlari bu gaplarga kulgandi. Negaki, davlat rahbari yoshlarning san’atga munosabati, uning ortidagi oson shon-shuhratni juda topib, rostmana tarzda ta’riflagandi. Botir Zokirovday afsonaviy san’atkor tavalludining nishonlanishiga doir tashabbus esa yoshlardagi ayni o‘sha yengil -yelpilikka barham berish, nomdor san’atkorlar maktabi va an’analardan yanada ko‘proq o‘rganish, ularning insoniy fazilatlaridan, ijodga, san’atga, o‘z xalqiga munosabatlaridan ibrat olishga bo‘lgan da’vatdir! Botir Zokirov esa ko‘plab san’at darg‘alarimiz kabi mas’uliyat, izlanish, ijodga sadoqatda, muxlislarga hurmatda chinakam ibratdir. Nazarimda u hamon o‘zining o‘lmas qo‘shiqlari bilan mahorat darsini o‘tishda davom etmoqda.
Nazokat Usmonova, O‘zA