San’atimizda o‘chmas iz qoldirgan ustoz
Muhiddin Qoriyoqubov tavalludining 130 yilligi nishonlandi.
“Turkiston” san’at saroyida o‘zbek san’ati tarixida alohida o‘rin tutgan buyuk san’atkor, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi asoschisi, O‘zbekiston xalq artisti Muhiddin Qoriyoqubov tavalludining 130 yilligiga bag‘ishlangan tantanali yubiley kechasi bo‘lib o‘tdi.
Kechaga madaniyat va san’at sohasi vakillari, taniqli san’atkorlar, faxriylar, ustoz san’atkorning avlodlari, jurnalistlar hamda san’at ixlosmandlari yig‘ildi.

Bu oddiy yubiley tadbiri emas, balki o‘zbek musiqa san’ati taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan insonni xotirlash, uning ijodiy merosini yana bir bor yodga olish va bugungi avlodga yetkazishga oid samimiy ehtirom kechasi bo‘ldi.
Muhiddin Qoriyoqubov o‘zbek san’ati tarixida nainki betakror ovozi va ijro mahorati, balki tashabbuskorligi, izlanuvchanligi va milliy san’at ravnaqi yo‘lidagi mehnati bilan ham chuqur iz qoldirgan.

Uning faoliyati opera va musiqali teatr san’atining shakllanishi, professional ijrochilik maktabining rivojlanishi bilan chambarchas bog‘liq. O‘z davrida “Sharqning birinchi baritoni” deya e’tirof etilgan san’atkor o‘zbek sahna san’atining yangi bosqichga ko‘tarilishiga munosib hissa qo‘shdi.
Ayniqsa, O‘zbekiston davlat filarmoniyasining tashkil etilishidagi tashabbusi uning milliy madaniyatimiz oldidagi xizmatlarini yanada yaqqol ko‘rsatadi. Bugun oradan yillar o‘tib, filarmoniya sahnasida yangi avlod san’atkorlari ijod qilayotgani, turli ijodiy jamoalar o‘z dasturlarini taqdim etayotgani ustoz boshlab bergan an’analarning davom etayotganidan dalolat.

Yubiley kechasida ham bu merosga alohida e’tibor qaratildi. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat akademik Katta teatri hamda Muqimiy nomidagi davlat musiqali teatri artistlari tomonidan Muhiddin Qoriyoqubov ijrosi bilan bog‘liq bo‘lgan ilk o‘zbek operalari va musiqali sahna asarlaridan parchalar namoyish etildi.
Sahnada yangragan kuy va qo‘shiqlar orqali tomoshabinlar nafaqat o‘tmish san’ati bilan yana bir bor yuzlashdilar, balki Muhiddin Qoriyoqubov ijodining bugungi avlod uchun ham qanchalik qadrli ekanini his etdilar.
Kechaning musiqiy qismida Davlat akademik xalq cholg‘ulari orkestri hamrohligida O‘zbekiston xalq artistlari Farrux Zokirov, O‘zbekiston Qahramoni Munojat Yo‘lchiyeva, Mansur Toshmatov, Zamira Suyunova, Jenisbek Piyazov, shuningdek, xonandalar Rustam Alimardonov, Sevara To‘lanova, Dilfuza Qobilova ishtirok etib, ustoz san’atkor repertuaridagi qo‘shiqlarni ijro etdilar.

Turli avlod vakillarining bir sahnada jam bo‘lishi kechaning o‘ziga xos jihatlaridan biri bo‘ldi. Bir tomonda milliy san’atimizning katta sahnasida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan ustozlar, ikkinchi tomonda bugungi avlod vakillari milliy san’atimizning nechog‘li boy va betakrorligini namoyish etdilar. Ularni birlashtirgan jihat esa Muhiddin Qoriyoqubov qoldirgan ijodiy meros edi.
Dasturdan Xor jamoasi va Davlat xor kapellasining ijrolari, “Shodlik” raqs ansambli hamda “Bahor” davlat raqs ansambllarining chiqishlari ham o‘rin oldi. Milliy musiqa va raqslar uyg‘unligida kechgan ushbu chiqishlarni tomoshabinlar iliq kutib oldilar.
Yubiley kechasining yana bir ramziy jihati — u O‘zbekiston davlat filarmoniyasining 90-konsertlar mavsumi ochilishi bilan uyg‘un keldi.


Muhiddin Qoriyoqubov asos solgan dargohning bugun ham faoliyat yuritayotgani, uning sahnasida san’atkorlarning yangi avlodi ijod qilayotgani – ustozning eng katta merosi, avvalo, davomiylik ekanini ko‘rsatadi.
Oradan 130 yil o‘tib, uning nomi yana katta sahnada yangradi. Qo‘shiqlari yana kuylandi, ijodi yana esga olindi. Eng muhimi, bu meros yangi avlodga yetkazildi. Zero, san’atkorning haqiqiy umri uning yashagan yillari bilan emas, odamlar qalbida qoldirgan izi bilan o‘lchanadi.
Muhiddin Qoriyoqubovning ijodiy merosi esa hali uzoq yillar davomida milliy san’atimiz sahnasida yashaydi.
Nazokat Usmonova, O‘zA