San’at yo‘lidagi fidoyilikning munosib e’tirofi
O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirov va “Yalla” ansambli ijrosini nainki xalqimiz, balki dunyoning ko‘plab mamlakatlaridagi san’at muxlislari sevib tinglaydi.
Uning qo‘shiqchilikdagi yutuqlari yuksak iste’dodi, takrorlanmas va hech kimga o‘xshamagan ovozi, o‘ta professionalligi bilan birga, tomoshabinga hurmati, sahna, san’at odidagi mas’uliyatni doim his eta bilishi bilan uzviy bog‘liq.
Farrux Zokirovni “Yalla” ansamblisiz, “Yalla”ni ustoz san’atkorsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Ular ijrosidagi qo‘shiqlar xalqimizning ko‘ngil mulkiga aylanib ketgan. Ko‘plab avlodlar ana shu qo‘shiqlar ta’sirida voyaga yetdi, o‘zining beg‘ubor orzulari sari qadam tashladi.

San’atkor haqidagi teleko‘rsatuvdagi bir jihat sira yodimdan chiqmaydi. O‘tgan asrning 80-yillarida “Yalla” ansambli Germaniyadagi ijodiy festivalda qatnashadi. O‘zbek yigitlarining odobi, o‘zini tutishi, muomala-munosabati xalqaro tadbir ishtirokchilarining hayrati va havasiga sazovor bo‘lgan.
Taassufki, qo‘shiqchilik sohasi bugun allaqanday “shou”larga aylanib ketgan bir davrda ham ustoz san’atkor va u badiiy rahbarlik qilayotgan “Yalla” ansambli o‘z ma’naviy qiyofasi, o‘z obro‘si, mavqeyi, ichki madaniyati, yuksak ziyolilik maqomini nainki saqlab qoldi, balki shu fazilatlari bilan bugun qo‘shiqchilikda ko‘plarga namuna bo‘lmoqda.
Farrux Zokirovga qaragan inson vaqt, makon degan tushunchalar go‘yo to‘xtab qolgandek tuyuladi. Ustoz san’atkorning davlatimiz rahbari tomonidan sharaflanishi xalqimizning, millionlab muxlislarning ko‘nglidagi gap bo‘ldi. Bu nainki o‘zbek milliy san’ati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Zokirovlar sulolasi, balki butun qo‘shiqsevar xalqimiz uchun hayajonli voqeliklarga aylandi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi va farmoni bilan o‘zining noyob iste’dodi, samarali ijodiy faoliyati bilan zamonaviy o‘zbek qo‘shiqchilik san’atini rivojlantirish, milliy estrada ijrochiligini yangi bosqichga olib chiqishdagi beqiyos hissasi, madaniyatimiz shuhratini dunyo xalqlari o‘rtasida keng targ‘ib etish, boy ma’naviy merosimizni asrab-avaylash borasidagi ulkan xizmatlari, shuningdek, «Yalla» ansambliga asos solib, uni xalqaro miqyosda tan olingan nufuzli ijodiy jamoaga aylantirgani, yosh iqtidor egalarining qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarishdagi mehnatlari uchun O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirov “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti Farrux Zokirov ijodini keng targ‘ib qilish hamda yosh avlodga munosib yetkazish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, butun umrini san’atga baxshida etib kelayotgan, o‘zbek milliy estradasini dunyoga tarannum qilib, yurtimizning madaniyati va san’ati nufuzini yuksaltirishga beqiyos hissa qo‘shayotgan, serqirra faoliyati xalqlar o‘rtasida ma’naviy ko‘prik bo‘lib xizmat qilayotgan ustoz san’atkorning ijodini targ‘ib etish bo‘yicha yangi istiqbollar belgilandi.
Ha, bularning barchasi mamlakatimizda chin san’atni, fidoyi ustoz san’atkorlarni qadrlash, ularning ibrat maktabini ommalashtirish, targ‘ib etish, mashaqqatli mehnatini e’zozlash borasidagi ezgu ishlarning yorqin namunasidir.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri