Sammit yakuni bo‘yicha brifing tashkil etildi
Samarqand shahridagi "Buyuk Ipak yo‘li" xalqaro turizm markazi hududida - Kongress-xollda Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti yakuniga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov va ushbu anjumanda tashkilot Bosh kotibi sifatidagi vakolatini topshirgan Bag‘dod Amreyev tadbir to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi.

Samarqand sammiti barqarorlik, xavfsizlik va uzluksiz taraqqiyotni ta’minlash yo‘lida ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlashning yangi yo‘nalishlarini belgilab bergani ta’kidlandi.
– Turkiy tamaddunning yangi davri: umumiy taraqqiyot va farovonlik sari” shiori ostida o‘tgan sammit amaliy hamkorligimiz uchun yangi ufq, istiqbol ochdi, – dedi V.Norov.

Davlat rahbarlari Transport bog‘liqligi dasturi, Soddalashtirilgan bojxona yo‘laklarini shakllantirish to‘g‘risidagi bitimlar, Savdo strategiyasi bo‘yicha muhim kelishuv kabi qator muhim hujjatlarni imzoladilar.
Shuningdek, tuzilmaning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Strategiyasi tasdiqlangani, Sammitning asosiy hujjati – Samarqand deklaratsiyasi qabul qilinganiga alohida ahamiyat qaratildi.

Bag‘dod Amreyev tashkilot Bosh kotibi sifatida faoliyat yuritganidan baxtiyor ekani, ushbu davr hayotining eng sermazmun bo‘lagiga aylanganini ta’kidladi, TDT manfaatlarini doimo qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Anjuman so‘ngida Turkiya Respublikasining muvaffaqiyatli raisligi yakunlangani, hisobot davridagi faoliyat davlat rahbarlari tomonidan yuqori baholangani ma’lum qilindi. Raislik O‘zbekistonga o‘tgani, kelgusi yil asosiy Sammit Qozog‘istonda bo‘lib o‘tishi ma’qullandi.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA