Samimiy minnatdorlik maktubi
Xalqimiz sinovli kunlarni oʻtkazmoqda.
Xalqimiz sinovli kunlarni oʻtkazmoqda. Koronavirus bilan bogʻliq karantin muddatida barcha ehtiyot choralari koʻrilyapti. Prezidentimiz va hukumat qoʻllab-quvvatlovi barchamizni yangi marralar sari chorlayapti. Bu vaziyatda barcha soha vakillari xoh uyda, xoh ishda boʻlsin, oʻz vazifasiga vijdonan yondashmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda bugungi vaziyatga xalqimiz tomonidan bildirilayotgan fikrlar ham barchamizni yangi marralar sari chorlaydi. Xususan, Termiz shahridagi 11-maktab oʻqituvchisi Dilbar Normurodovaning quyidagi fikrlari ham siz uchun qiziq boʻlishi tabiiy:
– Assalomu alaykum, hurmatli xalq taʼlimi tizimi xodimlari, onlayn mashgʻulotlar tashkilotchilari, aziz ustozlar!
Prezidentimizning taklif va tashabbusi asosida farzandlarimizning taʼlimini davom ettirish hamda boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida olib borilayotgan amaliy ishlar endilikda barchaning eʼtiborida.
Ularning natijadorligi sifatida bugungi kunda oynai jahon orqali olib borilayotgan onlayn darslar oʻquvchi-yoshlar, ota-onalar, pedagoglar uchun ayni muddao boʻlmoqda. Negaki, sinovli va murakkab hozirgi kunlarda shijoat, topqirlik bilan oʻtkazilayotgan masofaviy darslarning mazmunli tarzda tashkil etilayotgani tahsinga loyiqdir. Bu mashgʻulotlar qisqa, loʻnda, aniq ekani bilan ahamiyatlidir. Qolaversa, boshqa oʻqituvchilarning oʻz ustida ishlashi, izlanishi uchun ham juda qoʻl kelmoqda.
Ota-onalar ham farzandlari bilan birga teledars topshiriqlarini bajarmoqda. Bolaning oʻqishga boʻlgan intilishini kuzatib, ular oʻgʻil-qizlarining oʻzlashtirishini tahlil etish imkoniga ega boʻlmoqda. Bu bizning bugungi sinovli kunlardagi katta yutugʻimizdir. Kecha ota-onalardan biri telefon qilib, adabiyotdan, mutolaadan biroz uzoqlashganini tan olib, Shukur Xolmirzayev asarlarini soʻradi. Bu kabi eʼtiroflar, murojaatlar har kuni boʻlib turibdi.
Yon qoʻshnimiz qoʻngʻiroq qilib, bolasining ona tili boʻyicha uy vazifasini bajarishga koʻmak soʻragani meni juda quvontirdi. 8-sinfdagi qizim ham xuddi maktabga qatnab yurgan paytlaridek darsga shoʻngʻib ketgan...
Davlatimiz rahbarining yosh avlod kelajagiga eʼtibori, gʻamxoʻrligi, mehr koʻrsatayotgani bugun yana bir karra namoyon boʻlmoqda.
Hozirda barcha oʻzi uchun tegishli saboqni, zarur xulosani chiqarib olayotgani aniq. Ezgu ishlar albatta oʻz natijasini beradi. Bunday savobli ishga bosh-qosh boʻlgan Yurtboshimiz, xalq taʼlimi fidoyilari, jonkuyar ustozlardan gʻoyat minnatdormiz. Bu koʻplab ota-onalar, oʻqituvchilar, oʻquvchilarning dil izhoridir.
Barchangizga omonlik, sogʻlik, uzoq umr, kuch-quvvat tilayman.