Samarqandliklar shahar kunini nishonlamoqda
18 oktyabr – Samarqand shahri kuni. Qadimiy va hamisha navqiron kentning bayram tadbirlari bugun erta tongdan boshlandi.
Dastlab Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov boshchiligida viloyat va shahar hokimliklari, keng jamoatchilik vakillari Amir Temur maqbarasini ziyorat qildi. Qur’on tilovat qilindi.
Shundan so‘ng, Sohibqiron Amir Temur haykali poyiga gullar qo‘yildi. Ushbu yodgorlik 1996 yilda ulug‘ sarkarda tavalludining 660 yilligi munosabati bilan o‘rnatilgan va 18 oktyabr kuni tantanali ravishda ochilgan edi. Aynan shu kuni ushbu sana Samarqand shahri kuni deb e’lon qilingandi.
Asosiy bayram tadbirlari Alisher Navoiy nomidagi Markaziy istirohat bog‘i va shu nom bilan ataluvchi ko‘chada davom etdi. Bu yerda shahardagi oliy o‘quv yurtlari, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari, mahallalar, korxona va tashkilotlar tomonidan bayram dasturlari, ko‘rgazmalar namoyish etilmoqda. Samarqand madh etilgan she’rlardan iborat mushoira, sport musobaqalari, rasmlar tanlovi o‘tkazilmoqda.
– Istirohat bog‘imizda bugun kun davomida xalq sayli o‘tkaziladi, kunning birinchi yarmida va kechqurun “Mo‘’jiza” amfiteatrida taniqli san’atkorlar ishtirokida konsert dasturi namoyish etiladi, – deydi Samarqand shahar hokimi o‘rinbosari Farhod Nishonov. – Kechqurun Qorasuv massividagi Yangi O‘zbekiston bog‘ida ham katta konsert dasturi va mushakbozlik o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, uch avlod uchrashuvi, Samarqand davlat universitetida shahrimiz tarixiga bag‘ishlangan ilmiy konferensiya o‘tkazilmoqda. Ayni paytda Samarqand dunyoning o‘ttizdan ortiq davlatidagi shaharlar bilan birodarlashgan bo‘lsa, bugun ularning qatoriga Rossiya va Xitoydan yana ikkita shahar qo‘shilishi kutilmoqda. Tadbirlar doirasida shaharlar rahbarlari tomonidan birodarlashuv bitimlari imzolanadi.
[gallery-19824]
Samarqandda ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi va arzonlashtirilgan savdo-yarmarkalari ham sayilga chiqqan shahar ahliga manzur bo‘ldi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari