Samarqandlik faol ijodkorlar taqdirlandi
Samarqandda “Eng ulug‘, eng aziz” respublika an’anaviy ko‘rik-tanlovi viloyat bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi hamkorligida Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligiga bag‘ishlab “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz!” degan bosh g‘oya asosida tashkil etilgan bu yilgi tanlovda samarqandlik shoir va yozuvchilar, jurnalistlar, rassom va dizaynerlar, san’atkorlar yuzdan ortiq ijodiy ishlari bilan qatnashdi.
[gallery-13262]
Ijodiy ishlar nufuzli hakamlar hay’ati tomonidan ko‘rib chiqilib, “Yozuvchi va shoirlarning eng yaxshi badiiy asarlari, jurnalistlarning publitsistik nashrlari”, “Bosma OAV xodimlarining ijodiy ishlari”, “Televideniye va radio ijodkorlarining materiallari”, “Tasviriy san’at, foto asarlari va dizayn ishlari” hamda “San’atkorlarning yurtni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlari”, “Internet-jurnalistika materiallari” nominatsiyalari bo‘yicha 17 nafar g‘olib va sovrindorlar aniqlandi.
Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari R.Qobilov g‘oliblarini tabriklab, ularning zahmatli mehnatlarini e’tirof etdi.
– Viloyatimizda kechayotgan islohotlar jarayonlari, shahar va qishloqlarimizning o‘zgarib borayotgan qiyofasi, odamlar turmush-tarzidagi yangiliklar haqidagi ko‘rsatuv va lavhalarimiz e’tirof etilganidan xursandmiz, – deydi Samarqand viloyati teleradiokompaniyasi muxbiri Lutfulla Shomurodov. – Bu o‘zgarish va yangilanishlarni yoritib borish – bizning vazifamiz. Bundan o‘zimiz ham zavqlanamiz, tomoshabinlar yangiliklardan voqif bo‘ladi. Kuni kecha viloyatimizga davlatimiz rahbari tashrif buyurib, Samarqandni yanada rivojlantirish bo‘yicha vazifalarni belgilab berdi. Ushbu vazifalarning qanday ijro etilayotgani keyingi dasturlarimiz bosh mavzusi bo‘ladi.
Tanlov g‘oliblariga tashkiliy qo‘mita tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA.