Samarqandga Germaniyadan professor keldi
Maxsus shifoxona faoliyati bilan tanishish jarayonida xorijlik mutaxassis kasallikka qarshi kurashish va uni samarali davolash yuzasidan oʻzining taklif va tavsiyalarini berdi.
Koronavirusga chalingan bemorlarni davolashda samarali usullardan foydalanish, ayni paytda olib borilayotgan davo muolajalari natijadorligini oshirish maqsadida Samarqand viloyati hokimligi tomonidan germaniyalik mutaxassis, professor Bar Verner Samarqandga olib kelindi.
Koronavirusni davolash boʻyicha tajribaga ega boʻlgan virusolog olim Samarqanddagi koronavirus bilan kasallanganlar davolanayotgan shifoxonalarda boʻlib, davolash jarayonlari bilan yaqindan tanishdi, shifokorlarga oʻzining maslahat va tavsiyalarini berdi.
– Bugungi kunda dunyo mamlakatlari koronavirus infeksiyasining tez tarqalib ketishining oldini olish va samarali davolash usullarni qoʻllash hamda bemorlarni nafaqat asrab qolish, balki tez kunlarda salomatligini qayta tiklashi uchun kurashmoqda, – deydi Bar Verner. – Jumladan, Oʻzbekistonda ham bu borada zarur choralar koʻrilmoqda. Samarqandda koronavirus infeksiyasi profilaktikasi va davolashning amaliy jihatlari, ushbu sohadagi yangiliklarning tezda amaliyotga joriy etilayotganligi eʼtiborimni tortdi. Bemorlarning ayni paytdagi holati, ularga qoʻllanilayotgan dori vositalari, taʼsiri qanday boʻlayotganligi bilan qiziqdim. Aytishim mumkinki, koronavirus kasalligini davolashda toʻgʻri usullardan foydalanilmoqda. Germaniyalik viloyat hokimi Erkinjon Turdimov bilan birga Samarqand ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internati majmuasida COVID-19 tashxisi qoʻyilgan bemorlarni davolash uchun tashkil etilayotgan maxsus shifoxona faoliyati bilan tanishdi. Mazkur shifoxonani zaruriy jihozlar bilan taʼminlash, bemorlar va shifokorlar uchun qulay sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, kasallarni qabul qilish va davolash tartibi nemis olimida iliq taassurot qoldirdi.
Maxsus shifoxona faoliyati bilan tanishish jarayonida xorijlik mutaxassis kasallikka qarshi kurashish va uni samarali davolash yuzasidan oʻzining taklif va tavsiyalarini berdi.