Samarqanddagi barcha mahallalarda rais saylandi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2022 yil 16 martdagi “Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida” gi qarori asosida joriy yilning may oyida yurtimizda fuqarolar yig‘ini raislari (oqsoqollari) saylovini o‘tkazish belgilangan edi.
Shundan kelib chiqib 2022 yil 28 martda Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining “Viloyatda fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori darajada o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori qabul qilindi. Qaror asosida viloyatda saylovni tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi komissiya tuzildi, tadbirlar rejasi tasdiqlandi.
O‘z navbatida tuman va shaharlarda ham mahalliy kengashlar qarorlari bilan ko‘maklashuvchi komissiyalar tuzildi, amalga oshiriladigan ishlar dasturi belgilab olindi.
– Ikki oy davomida viloyatda amaldagi qonunchilikka muvofiq saylovga tayyorgarlik ko‘rildi, – deydi Samarqand viloyatida saylovni tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi komissiya raisi o‘rinbosari I.Jabborov. – Mahallalarda ishchi guruhlar tuzilib, raislikka nomzodlar ko‘rsatish, vakillar yig‘ilishlarida qatnashadigan saylovchilarni aniqlash, saylov o‘tkaziladigan joylarni tanlash va boshqa shu kabi tashkiliy ishlar bajarildi. Bu jarayonda ko‘maklashuvchi komissiyalar va ishchi guruhlar a’zolari uchun bir necha bor seminarlar tashkil etildi. Tuman va shahar hokimlari, sektor rahbarlari tomonidan raislikka nomzodlar o‘rganildi, suhbatlar o‘tkazildi.
Viloyat, shahar va tumanlar ko‘maklashuvchi komissiya a’zolari hamda viloyatning 1126 ta mahallasida tuzilgan ishchi guruhlar tomonidan mahalla raisligiga qo‘yiladigan talablar asosida mahallada doimiy yashovchi fuqarolarning fikrlari inobatga olingan holda, mahallada kamida besh yildan buyon doimiy yashab kelayotgan, tashkilotchilik qobiliyatiga, ish va hayotiy tajribaga, aholi o‘rtasida obro‘-e’tiborga ega 2 nafardan 4 nafargacha jami 4302 nafar fuqaro nomzodi ko‘rsatildi. Ular orasidan 2700 nafarga yaqin nomzod saralandi va aholi 1126 nafar nomzodni o‘zlariga yetakchi qilib sayladi.
Saylov jarayonida jami 234 ming nafar fuqaro ovoz berishda ishtirok etdi. Saylangan mahalla raislarining 354 nafari (31 foizi)ni ilgari ushbu vazifada ishlaganlar, 772 nafari (69 foizi)ni ilk bor oqsoqollikka munosib ko‘rilganlar tashkil etdi. Yosh bo‘yicha tahliliga ko‘ra, raislarning 9 nafari 30 yoshgacha, 210 nafari 30-40 yoshli, 316 nafari 40-50 yoshli, 465 nafari 50-60 yoshli, 126 nafari 60 yoshdan yuqori hisoblanadi. Bu gal raislarning 1087 nafarini oliy ma’lumotlilar, 39 nafarini o‘rta-maxsus ma’lumotga ega shaxslar tashkil etdi.
Mutaxassisligi bo‘yicha 307 nafari o‘qituvchi, 270 nafari iqtisodchi, 89 nafari agronom, 71 nafari huquqshunos, 17 nafari shifokor va 372 nafari boshqa kasb egalari hisoblanadi. 17 nafar rais bir vaqtning o‘zida mahalliy kengashlar deputatlari hamdir. E’tiborlisi, 97 nafar ayollarga mahalla raisligi ishonib topshirildi.
Saylov jarayonida kelib tushgan 113 ta murojaatning 97 tasiga javob berildi va qolgan 16 tasi ayni paytda ko‘rib chiqilmoqda.
G‘.HASANOV, O‘zA