Samarqandda og‘ufurushlar faoliyatiga chek qo‘yildi
Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyat boshqarmasi va boshqa xuquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirlar davomida 3,5 kilogram narkotik moddalar, 1522 dona «Tramadol» va boshqa psixotrop dori vositalari savdosiga chek qo‘yildi.
Xususan, kattaqo‘rg‘onlik F.Sh., N.N., M.F., ishtixonlik T.E., urgutlik Q.F.lardan 3,3 kg. marixuana giyohvandlik moddalari ashyoviy dalillar bilan olib qo‘yildi.
Yana bir tadbirda 100 gr. opiy giyohvandlik moddasini sotish maqsadida olib ketayotgan urgutlik M.A. qo‘lga olingan bo‘lsa, shu tumanda yashovchi G.M. va M.R., jomboylik M.X. 5 gr. geroin va 3 gr. opiy giyohvandlik moddalari bilan ushlandi.
Shuningdek, ilgari giyohvandlik moddalarini sotayotgan vaqtda qo‘lga olingan fuqarolar X.A., Z.S.larning Urgut tumanidagi hovlilarida 92 gr. opiy giyohvandlik moddasi borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida protsessual tartibda rasmiylashtirildi.
Bundan tashqari, Samarqand shahrida yashovchi fuqarolar A.T., G.Z., R.E., X.A., Urgut tumanida yashovchi U.B. lar 402 dona “tramadol” narkotik moddasi va 1120 dona regapen psixotrop dori vositalari bilan qo‘lga olindi.
Aniqlangan barcha holatlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘zA