Samarqandda lift va eskalator ishlab chiqariladi
Samarqand viloyatidagi yuzdan ortiq sanoat zonalarida joriy yilning birinchi yarmida 2,5 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Jumladan, 2,1 trillion so‘mlik mahsulot “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi korxonalari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Bugungi kunda “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida qiymati 1,3 milliard dollarlik 171 ta loyiha ustida ish olib borilayotgan bo‘lib, buning natijasida 12 ming 700 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Viloyat hokimining sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – “Urgut” EIZ direksiyasi rahbari J.Haydarovning qayd etishicha, 2024 yilning 1 iyul holatida umumiy qiymati 622 million dollarlik 86 ta loyiha ishga tushirilgan bo‘lib, 6521 ta yangi ishchi o‘rni ochilgan. Birgina shu yilning o‘zida 5,7 million dollarlik uchta loyiha ishga tushirildi.
Xususan, Mergancha massivida “URGUT SIFAT PILAST” MCHJning 1,17 million dollarlik loyihasi asosida plastmassa mahsulotlari ishlab chiqarish boshlandi. Sazag‘on massivida esa “TECOM ELEVATING SYSTEMS” MCHJ tomonidan 3,25 million dollarlik loyiha amalga oshirildi va lift, eskalator va metallkarkas ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Sariqtepa massividagi “MODERN UZBEK TEXTILE” mas’uliyati cheklangan jamiyatida esa 1,3 million dollarlik loyiha bo‘yicha zamonaviy va eksportbop tekstil kiyim-kechak ishlab chiqarish boshlandi.
Iqtisodiy zonada yil yakuniga qadar 16,6 million dollarlik 10 ta loyiha ishga tushiriladi va 578 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Ayni paytda iqtisodiy zonaning umumiy yer maydoni 1 ming 619 gektar bo‘lib, 472,8 gektarida investitsiya loyihalari joylashtirilgan. 614 gektar bo‘sh yer maydoni auksion savdolariga chiqarilgan va bu yerlarda ham yangi investitsiya loyihalari joylashtiriladi. Joriy yilning olti oyida 113,6 gektar yer maydoni auksion orqali sotilib, qiymati 257 million dollarlik 22 ta loyiha joylashtirildi. Buning natijasida 160,2 million dollar xorijiy investitsiya o‘zlashtirilib, 1646 nafar yangi ish o‘rni yaratildi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri