Samarqandda ham pilla topshirish boshlandi
Samarqand viloyatida joriy yil bahorgi mavsumda 49 ming 350 quti xorijdan keltirilgan va mahalliy ipak qurti parvarishlanib, 2714 tonna pilla yetishtirishni rejalashtirishgan.
Samarqand viloyatida joriy yil bahorgi mavsumda 49 ming 350 quti xorijdan keltirilgan va mahalliy ipak qurti parvarishlanib, 2714 tonna pilla yetishtirishni rejalashtirishgan.
Ayni paytda viloyat tumanlarida pillani qayta ishlash korxonalariga topshirish boshlandi.
Jumladan, 5527 quti ipak qurti boqayotgan Kattaqoʻrgʻon tumani pillakorlari ham yilning dastlabki hosilini buyurtmachilarga yetkazib bermoqda.
– Bahorgi mavsumda tumanimizda 304 tonna pilla xom ashyosi yetishtirish rejalashtirilib, buning uchun fermer xoʻjaliklari va oilaviy zvenolar bilan shartnomalar imzolagan edik, – deydi Kattaqoʻrgʻon tumanidagi “Kumush tola” masʼuliyati cheklangan jamiyati raisi M.Niyozova. – Bugungi pandemiya sharoitida 4 mingdan ortiq xonadon ushbu mashgʻulot bilan shugʻullandi va daromad qildi. Ularga har bir quti ipak qurti uchun 300 ming soʻmdan boʻnak puli berilgan edi. Bugun esa pillakorlarga bir kilogram pilla uchun tarozi boshida 21 ming soʻmdan haq toʻlanmoqda. Bu yil hosil har yilgidan barakali boʻldi. Tumanimizda yetishtirilgan pillani toʻliq oʻzimizda qayta ishlab, eskport qilishni rejalashtirganmiz.
– Fermer xoʻjaligimiz aʼzolari bilan 19 quti ipak qurti parvarishlab, bugun dastlabki 15 quti hosilini terib, shartnoma majburiyatini bajardik, – deydi Kattaqoʻrgʻon tumanidagi “Ilyosxon” fermer xoʻjaligi boshligʻi O.Ochilov. – Qolgan toʻrt qutini ham bir-ikki kunda keltirib topishiramiz. Rejadan ortiqcha bu hosil pillakorlarimiz uchun qoʻshimcha daromad boʻladi.
Viloyatning boshqa tumanlarida ham pilla topshirish davom etmoqda.